Suriyada Eron harbiy qo‘mondoni o‘ldirildi
Olam
−
28 noyabr
3218Suriyada Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining harbiy maslahatchilari qo‘mondoni, general-mayor Kiyamurs Hoshimiy halok bo‘ldi. Bu haqda SNN telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, eronlik yuqori martabali harbiy xizmatchi Suriyaning Aleppo shahri hududida bo‘lgan. “Fars” axborot agentligiga ko‘ra, u ushbu shaharda yollangan terrorchilar hujumi oqibatida halok bo‘lgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi matbuot xizmati ham Hoshimiyning halok bo‘lganini tasdiqlagan va uning oilasi hamda yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Idoraning qayd etishicha, u Suriyadan avval Iroqda xizmat qilgan.
“Reuters” nashriga ko‘ra, Suriya jangarilari hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazib, Aleppo viloyatining shimoli-g‘arbida kamida 10 tuman ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan. Ularga 13 ta aholi punkti, jumladan, Urm-as-Sug‘ro, Anjara va Urm-al-Kubro shaharlari ham qo‘shilgan. Shuningdek, terrorchilar eng yirik harbiy bazani ham egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Hukumat kuchlariga qarshi kurashayotgan qurolli guruhlar orasida “Hay’at Tahrir ash-Shom” terroristik tashkiloti ishtirokchilari ham borligi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil Harbiy havo kuchlarining Suriyaning Xoms viloyatidagi Palmira shahridagi nishonlarga bergan zarbalari oqibatida kamida 36 kishi halok bo‘lgan, 50 dan ortiq kishi jarohatlangandi.