Suriya yana urush girdobida

Tahlil

Suriyada yana tektonik siljishlar boshlandi. 4 yillik ma’lum darajadagi tinch muhitdan so‘ng, Shom diyori yana urush iskanjasida qoldi. 27 noyabr kuni ertalab “Al-Qoida”ning qolgan-qutganlaridan tashkil topgan “Xayat Tahrir ash-Shom” radikal ekstremistik guruhi Suriya shimolida keng ko‘lamli hujum boshladi. Asad rejimining bayonotiga ko‘ra, terrorchilar Suriya armiyasi himoyasidagi qishloq va shaharlarga, harbiy ob’ektlarga hujum qilishga uringan va hukumat kuchlari pozitsiyalarini nishonga olgan. Ular bu harakatlarni Suriyaning eng muhim strategik ahamiyatga ega hududlaridan biri hisoblanadigan Halab, ya’ni Alepponi egallash uchun amalga oshirishga kirishdi. Jangarilar dastlab, hukumat kuchlariga qarshi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazib, Halab viloyatining shimoli-g‘arbida kamida 10 tuman ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan. Ularga 13 ta aholi punkti va bir qancha shaharlar ham qo‘shilgan. Shuningdek, terrorchilar eng yirik harbiy bazani ham egallashga muvaffaq bo‘lgan. Keyinchalik “Al Mayadeen” telekanali Suriya armiyasi jangarilar pozitsiyalariga qarshi hujum boshlaganini, Halabdan shimol va g‘arbdagi 20 dan ortiq aholi punktini qayta nazoratga olganini xabar qildi. Qurollangan guruhlarning hujum xavfi tufayli Damashq va Halabni bog‘lovchi xalqaro M-5 avtomagistralidagi harakat to‘xtatilgani aytildi. Bu orada dunyo OAVda Asad rejimi va terrorchilarning harakatlariga oid turli-tuman xabarlar tarqala boshladi. Nashrlarda birin-ketin Bashar Asadning Rossiyaga qochgani, Damashqda davlat to‘ntarishi boshlangani va terrorchilar katta tezlikda poytaxtga yaqinlashayotgani haqidagi xabar urchidi. Suriya atrofidagi voqealarga bevosita aloqador bo‘lgan davlatlar Turkiya, Eron, Rossiya va AQSH kabi davlatlar zudlik bilan mazkur mojaroni hal qilish yo‘lida bir-birlari bilan muloqotga kirishib ketdi. Xo‘sh, 4 yil nisbatan tinch bo‘lgan va bir necha yillar ilgari deeskalatsiya zonasi sifatida belgilangan hududlarda nega aynan bugun bu kabi notinchlik boshlandi? Voqealar rivoji qanday rivojlanmoqda? Quyida shular haqida so‘z yuritiladi.

Halabdan Damashqqacha?

Shunday qilib, 2020 yildan buyon Suriyada Bashar Asadga qarshi muxolif kuchlarning eng yirik hujumi ro‘y berdi. Suriyaning “Hayat Tahrir ash-Shom” radikal ekstremistik guruhi jangarilari va ularning ittifoqchilari Suriya hukumati armiyasi bilan olib borilgan janglarda mamlakat shimoli-g‘arbidagi o‘nlab shahar va qishloqlarni egallab, Halab shahriga yaqinlashdi. Hujumning dastlabki kunlarida 255 kishi halok bo‘lgan. Shimol va shimoli-g‘arbda Halab va Idlib viloyatlarida 50 dan ortiq qishloq va shaharcha “Hayat Tahrir ash-Shom” jangarilari nazorati ostiga o‘tgani ma’lum qilindi. Keyingi nishon viloyat markazi bo‘lgan Halab shahri edi. Jangarilar mamlakatning ikkinchi yirik shahri Halabdagi bir nechta hududlarni o‘z nazoratiga olgandan so‘ng, Asad hukumati va dunyoning boshqa qismida mojaroning borishi bo‘yicha xabarlar chiqa boshladi. Kremlga yaqin manbalar, 29 noyabr kuni kechqurun Halab deyarli butunlay jangarilar nazorati ostiga o‘tgani va ular allaqachon shahar markazida g‘alabani nishonlamoqda. Suriya armiyasi esa Idlib va Halabning isyonchilar tomonidan bosib olingan hududlari ustidan nazorat qayta tiklangani, hukumat qo‘shimcha kuchlarni Halab shahriga tashlab, u yerdan isyonchilarni quvib chiqarayotganini ma’lum qildi. “Reuters”ga ko‘ra, Moskva Damashqqa isyonchilarni to‘xtatish uchun qo‘shimcha harbiy yordam va’da qilgan va keyingi 72 soat ichida yangi qurollar kela boshlashi haqida xabar berdi. Bu orada Suriya hukumati Halab aeroportini va shaharga olib boradigan barcha yo‘llarni yopishga majbur bo‘ldi. Chunki jangarilar Halab markaziga yetib kelgani aytildi. Shunday qilib, jangarilar sakkiz yil ichida birinchi marta Halab shahriga qaytib keldi. 2016 yil oxiridan beri Suriya armiyasi Rossiya ko‘magi bilan shaharni ozod qilib keldi. Ayni damda esa shu sakkiz yil ichida shahar ilk bor hujumga uchradi. “Hayat Tahrir ash-Shom” esa o‘tgan hafta boshlangan hujumida Halabni o‘z nazoratiga olgandan keyin Shimoliy Hamaga qarab harakat qilayotgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Agar jangarilarning hujumlari shu taxlit davom etsa, Halab bilan boshlangan yurish vertikal harakat bilan Hama, Homs, eng so‘nggida esa Damashqqacha yetib borish ehtimoli ham yo‘q emas.

Tashqi kuchlar “maslahatlashuvlari”

Suriyada yana notinchlik boshlangandan so‘ng bu yerdagi tashqi kuchlar o‘rtasida eski hisob-kitob daftari qayta ochilgandek bo‘ldi. Ba’zi manbalar Eron islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi Turkiyaning Suriyadan “qo‘lini tortishini” jiddiy talab qilganini iddao qildi. Unga ko‘ra, korpus Turkiyaning bu yerda mavjudligi noqonuniy ekanligi, Eron va Rossiya esa rasmiy Damashq iltimosiga binoan Suriya yerlarida harakatlanib kelayotgani aytilgan. Ammo Turkiya TIV mamlakat Suriyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda va uning hududiy yaxlitligini saqlab qolish tarafdori degan bayonot bilan chiqdi. Xoqon Fidan esa Turkiya hukumatining Suriya armiyasi va Suriyaning Idlib va Halab viloyatlaridagi hukumatga qarshi tuzilmalar o‘rtasidagi janglarga aloqasi yo‘qligi hamda qo‘shimchasiga rasmiy Anqara terrorchilar Suriyada o‘z davlatini tuzishga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi terroristik guruhlarni ta’minlashning muhim arteriyalari Vashington nazorati ostida bo‘lganligi sababli mintaqadagi jinoyatlar uchun AQSH javobgardir. Fidan agar AQSH kislorodni to‘sib qo‘ysa, terrorchilar uch kun ham omon qolmasligini qo‘shimcha qildi. Bundan keyingi tashqi ishlar vazirlarining muloqotlari esa Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolik urushlaridan so‘ng, Suriya masalasida ikkiga bo‘lingan dushman ittifoqlarning qayta shakllanishidek taassurot uyg‘otdi. O‘shanda Bashar Asad tinch namoyishlarga chiqqan o‘z fuqarolarini o‘qqa tutgan degan xulosaga ko‘ra, AQSH va Turkiya uni hokimiyatdan ag‘darishga jiddiy bel bog‘lagandi. Eron va Rossiya esa aksincha, jarlikka qulayotgan Asadga arqon uzatib, uning hokimiyati va hayotini saqlab qolish yo‘lidan borib, buni uddaladi ham. Bugun ham dunyo siyosati shu kabi manzaraga guvoh bo‘ldi. Suriyadagi mojaro qayta alanga olgandan keyin, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qilgan bo‘lsa, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan Suriya va G‘azo sektoridagi vaziyatni muhokama qildi. AQSH Davlat kotibi Blinken va Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Halab va boshqa joylardagi zo‘ravonliklarni kamaytirish, fuqarolar hamda infratuzilmani himoya qilish zaruratini muhokama qilgan bo‘lsa, Lavrov va Aroqchi Halab va Idlib viloyatlarida sodir etilgan terrorchilik hujumi munosabati bilan Suriya suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladi. Vazirlar Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan Ostona formati doirasida zudlik bilan har tomonlama ko‘rib chiqish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldi. Ma’lumki,  Suriyadagi fuqarolar urushini tugatish maqsadida 2017 yilning 23-24 yanvar kunlari Rossiya, Turkiya va Eron tashabbusi bilan Ostona shahrida tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha muzokaralarga ko‘ra, Rossiya, Turkiya va Eron Suriyada deeskalatsiya ya’ni keskinlashuv to‘xtatiladigan zonalarni tashkil etishga kelishib olgandi. Bunday zonalarga esa Idlib, Xoms, Latakiya, Halab va Hama kabi viloyatlar kirishi belgilandi. Kelishuvga ko‘ra, Rossiya ushbu hududlar ustidan uchishda davom etadi, ammo havo hujumlarini o‘tkazishdan tiyiladi. Suriya hukumati esa muxolifatdagi hududlarga “to‘siqsiz” gumanitar yordam ko‘rsatishga ruxsat berishi va elektr hamda suv kabi davlat xizmatlari to‘xtatilgan joylarda mazkur kommunal xizmatlar tiklanishi kerak edi.

“Hayat Tahrir ash-Shom” qanday “qoldiq” guruh?

2011 yilda Suriyada boshlangan qirg‘inbarot fuqarolar urushi fonida 90 yillar boshida paydo bo‘lgan “Al-Qoida” terrorchi tashkiloti Shom yurtida faollasha boshladi. Bu yerda asosan “Al-Qoida”ning “Jabhat an-Nusra” ekstremistik guruhi faoliyat olib bordi. Ammo 2016 yilda “Jabhat an-Nusra” jangarilar guruhi o‘z nomini “Jabhat Fath as-Shom”ga o‘zgartirib, “Al-Qoida” bilan aloqalarini uzganini e’lon qildi. Ammo bu guruh faoliyatida so‘nggi rebrending emasdi. 2017 yilga kelib “Jabhat Fath as-Shom” guruhi nomini yana bir bor o‘zgartirib, boshqa isyonchi guruhlar bilan birgalikda “Hayat Tahrir ash-Shom” nomli yangi ekstremistik tashkilotga aylandi. Ayni damda esa ushbu terrorchi tashkilot Suriyadagi eng ta’siri kuchli bo‘lgan isyonchi klanlardan biriga aylangan. “Hayat Tahrir ash-Shom” bugungacha Suriyaning ma’lum qismlarida, jumladan, Idlib va Halabning ba’zi qismlarida harakatlanib keldi. U bugun umumiy hisobda 4 million kishi istiqomat qiladigan hududni nazoratga olgan va taxminan 30,000 jangariga ega. U nazorat qiladigan hududlarda inson huquqlari bilan bog‘liq holat abgor ahvoldaligi va bu yerlarda qatl qilish holatlari avjiga chiqqani aytiladi.

Sochilib ketgan Suriya

2011 yilda Suriyada boshlangan tartibsizliklar mamlakatning juda uzoq yillik qadimiy sivilizatsiyasini ostin-ustun qilib yubordi. Shom diyori bosqichma-bosqich bo‘laklarga bo‘linib bordi. Mamlakat geosiyosiy kuchlar o‘rtasidagi raqobat maydoniga aylanib, har kim bu yerda o‘z manfaatini olg‘a tashladi. Bu Asad rejimi va tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bir qancha muxolif guruhlar va terrorchi tashkilotlar o‘rtasidagi uzoq yillik janglarga olib keldi. Urush yarim millionga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ldi. 7 milliondan ortiq suriyalik esa qochqin sifatida mamlakatni tark etdi. Ichki urushlarning dastlabki yillarida Bashar Asad Suriya ichida Damashqdan o‘zga hududda amalda hech qanday boshqaruvga ega bo‘lmay qoldi. Biroq Asadning baxtiga 2015 yildan boshlab Suriyadagi vaziyat tubdan o‘zgardi. Asta-sekin Rossiya va Eronning hal qiluvchi ko‘magi bilan Asad mamlakatning taxminan 70 foizini qayta nazoratga oldi. Ammo hozirga kelib, hali ham butun Suriya yerlarida Asad rejimi o‘zining to‘liq hokimiyatini o‘rnatishga erishmadi. Bugun Suriyada rasmiy Damashqdan tashqari yana 4 ta yirik muxolif kuchlar mavjud. Bular mamlakat Suriya demokratik kuchlari, kurdlarga tegishli klanlar, “Hayat Tahrir ash-Shom” va arab-sunniylarining mamlakat janubidagi boshqa kuchlaridir. AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurdlar Suriyaning shimolidagi ulkan hududlarni nazorat qiladi va bu kuch ayni damda mamlakat ichida rasmiy hokimiyatdan keyingi o‘rindagi eng yirigidir. Kurdlar o‘z nazorati ostidagi hududda hatto poytaxti Ar-raqqa bo‘lgan sub’ektga ham asos solgan. Keyingi muxolif kuch esa Suriya demokratik kuchlari bo‘lib, ular Turkiya tomonidan moliyalashtirilishi aytiladi. Suriya demokratik kuchlari Turkiya bilan chegarada joylashgan shimoliy-g‘arbiy nuqtada qaror topgan. Bundan tashqari, “Hayat Tahrir ash-Shom” ekstremistik guruhi Idlib va Halabning ba’zi qismlarida joylashgan bo‘lsa, yana bir sunniy-arab muxoliflar mamlakatning janubi-sharqini o‘z nazorati ostida ushlab turadi. 

Nega aynan hozir?

Ortda qolgan 4 yil davomida keng ko‘lamdagi hujumlarga o‘tishdan tiyilgan “Tahrir ash-Shom” terrorchi klani nega aynan hozir ichki urushni jonlantirgani ko‘plab savol va taxminlarni o‘z ortidan yetaklamoqda. Ekspertlar bunga asosan ikki omilni sabab qilib keltiryapti. Birinchisi, bu – Asad rejimini uzoq vaqtdan buyon amaliy harbiy yordam bilan qo‘llab kelgan Rossiya va Eron proksi-guruhi – “Hizbulloh”ning ayni damda rasmiy Damashqqa salmoqli yordam bera olish ehtimoli pastligidir. “Hizbulloh” Isroil bilan bo‘lib o‘tgan 14 oylik janglardan so‘ng katta yo‘qotishlarga uchragan bo‘lsa, Rossiyaning bugun Ukrainaga bosqini o‘zining eng keskin nuqtalaridan biriga chiqqani bilan izohlanmoqda. Bu esa “Tahrir ash-Shom” ekstremistik guruhi va unga ergashgan boshqa isyonchilar ko‘z o‘ngida Asadni hokimiyatdan ag‘darish imkoniyatini paydo qilgan bo‘lishi ehtimoli ham bor. Ammo o‘tgan vaqt davomida Rossiya yordami va Iroqda joylashgan “Hizbulloh” harakati kuchlari Suriyaga ko‘chirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi va bu Asad rejimining qulash ehtimolini pasaytiradi.

Ikkinchi omil esa bevosita Rossiya bilan bog‘liq bo‘lib, uning mamlakatdan tashqarida joylashgan yagona dengiz bazasi – Suriyada joylashgan Tartus portiga xavf solish orqali Ukrainadagi bosqiniga xalal berish deya talqin qilinmoqda. Tartus Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining Suriyadagi asosiy va tayanch bazasi hisoblanadi. Bu yuqorida ta’kidlaganimizdek, Rossiya chegarasidan tashqaridagi yagona dengiz bazasidir. Tartusning Rossiya uchun ahamiyati juda yuqori. Iqtisodiy jihatdan bu port Rossiya uchun juda qulay logistik imkoniyatlar taqdim qila oladi. Xususan, u joylashgan nuqtadan Qora dengizga va Suvash kanali orqali Qizil dengizga o‘tish Rossiya kemalari uchun juda qulay. Mazkur dengiz bazasi Rossiyaning O‘rtayer dengizida mutlaq mavjudligini ta’minlaydi. Chunki 2017 yilda Moskva Suriya Prezidenti Bashar Asad bilan Tartusning ijara muddatini 49 yilga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Shartnoma Rossiyaga bazaga 11 tagacha harbiy kemani, jumladan, yadroviy quvvatli kemalarni joylashtirish imkonini ham beradi. Mojaro atrofida Tartus bilan bog‘liq ko‘rib chiqilayotgan ssenariy esa unga tahdid solish orqali Rossiyani Ukraina masalasida yon berishga majbur qilishdir. Chunki Halabdan boshlangan hujumning keyingi yo‘nalishi Hama, bu hudud esa Tartus bilan chegarada joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Turkiya Bashar Asad Halab Tartus “Hayat Tahrir ash-Shom”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing