Turkiyadagi yong‘in qurbonlari soni yana ortdi

Olam

image

Joriy yil 21 yanvarga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyatidagi Kartalkaya chang‘i kurortida joylashgan mehmonxonada sodir bo‘lgan yong‘in qurbonlari soni 76 nafarga yetdi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya ma’lum qildi.

Yong‘in mahalliy vaqt bilan 03:27 da Grand Kartal mehmonxonasining 12 qavatli (boshqa manbalarga ko‘ra, 11 qavatli) binosida boshlangan. Hozir Turkiyada umumiy ikki haftalik maktab ta’tili davom etayotgani va chang‘i mavsumining qizg‘in pallasiga to‘g‘ri kelgani sababli mehmonxonada 234 mehmon bo‘lgan.

Bolu gubernatori Abdulaziz Aydinning ma’lum qilishicha, yong‘in mehmonxonaning to‘rtinchi qavatidagi restoran zonasida boshlangan va yuqori qavatlarga tarqalgan. Mehmonxona Bolu markazidan ancha uzoqda joylashgani va sovuq ob-havo sharoiti tufayli o‘t o‘chiruvchilar hodisa joyiga bir soatdan ortiqroq vaqt ichida yetib borgan.

Qutqaruv ishlari ertalab ham davom etgan. O‘sha paytda qutqaruvchilar hali ham mehmonxonaning ba’zi qismlariga kira olmagani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Turk OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kamida ikki kishi mehmonxona derazalaridan sakrash oqibatida halok bo‘lgan. Ba’zilar to‘shaklardan arqon yasab, derazalardan chiqishga uringan.

Chang‘i bo‘yicha instruktor Nejmi Kepchetutan turk televideniyesiga bergan intervyusida mehmonxonani yaxshi bilgani sababli o‘zini qutqara olganini, lekin binoning tuzilishi bilan tanish bo‘lmagan mehmonlarning imkoniyati kamroq bo‘lganini aytgan.

“Ichkarida qalin tutun bor edi. Odamlar derazalardan bizni qutqaring deb qichqirardi. Biz 20-25 kishini tashqariga olib chiqdik”, dedi u NTV telekanaliga bergan intervyusida.

Yong‘inning sababi hali aniqlanmagan. Adliya vaziri Yilmaz Tunch tergovga prokuratura jalb qilinganini ma’lum qilgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirib, 22 yanvarni milliy motam kuni deb e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hodisa yuzasidan tergov boshlangani va 4 kishi, jumladan, mehmonxona egasi ham qo‘lga olingani xabar qilingandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vafot etgan va jarohat olganlar orasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari mavjud emas. Yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Turkiya Bolu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing