Suriya, Liviya va Qorabog‘da nima qilgan bo‘lsak, Afg‘onistonda ham shuni qilamiz – Erdo‘g‘an
Olam
−
16 iyul 2021
18925“Biz Suriya, Liviya va Qorabog‘da nima qilgan bo‘lsak, Afg‘onistonda ham shuni qilamiz”. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 15 iyul – Milliy yakdillik va demokratiya kuni munosabati bilan TRT telekanali orqali qilgan nutqida so‘z ochdi.
“Sharqdan g‘arbga, shimoldan janubga, har tomonlama mamlakatimizni chuqur tarixiy va madaniy aloqalari bo‘lgan mintaqalardan ajratib olishga harakat qilganlar, ancha mustahkam rishtalarni o‘rnatishda muhim rol o‘ynab qo‘yganlarini anglamadilar.
Bizning butun insoniyat nomidan bayon etgan huquq va adolat haqidagi talablarimizni o‘zlariniki singari siyosiy ikkiyuzlamachilik deb bilganlar, mazlumlarning ovozi, nafasi va umidi bo‘lish sirimizni anglay olmadilar.
15 iyulga o‘tar kechasi xalqimiz qanday qilib dunyoning eng zamonaviy harbiy transport vositalarini bo‘sh qo‘llari bilan to‘xtatganini tushunolmaganlari kabi, boshqa masalalarda ham mamlakatimiz pozitsiyasining sababini aniqlay olmadilar”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an so‘zida davom etarkan, bugun mintaqada kun tartibida turgan masala – Afg‘oniston muammosiga ham ishora berdi.
“Biz o‘zimizga nimani tilasak, yer yuziga, barcha do‘stlarimizga, butun insoniyatga xuddi shuni tilaymiz. Buni boshqa maqsadlarimizni yashirish uchun emas, balki chin dildan qilganimiz uchun ham qayerga bormaylik yaxshi qabul qiladilar, qadrlaydilar. Biz buni kecha Suriya, Liviya va Qorabog‘da amalga oshirdik. Umid qilamanki, ertaga ayni shu ixlos va adolatli pozitsiyada Afg‘onistondagi va boshqa joylardagi birodarlarimizning yonida bo‘lamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.
Turkiya AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi fonida Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirishi ortidan “Tolibon” harakati rasmiy Anqarani ogohlantirdi. Harakat Turkiya Afg‘onistonga qo‘shin joylashtirishi mumkin emasligini ta’kidlamoqda.
“Dawn” nashrining “Tolibon” bayonotiga tayanib xabar berishicha, Turkiyaning bunday qarori “shoshqaloqlik” va mamlakat “suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadi” hamda uning milliy manfaatlariga ham zid.
“Turkiya hukumatining Qo‘shma Shtatlarning iltimosiga va qaroriga binoan mamlakatimizga qarshi tajovuzni davom ettirish to‘g‘risida e’lon qilishi bizda nafrat va adovatni keltirib chiqaradi hamda ikki tomonlama munosabatlarga putur etkazadi”, deyiladi harakat bayonotida.
"Tolibon" rahbarlari “Afg‘onistonda xorijiy kuchlarning borligi, mamlakat nomidan qat’i nazar, tajovuzkorlik ekanligini va uzurpatorlarga 1500 afg‘onistonlik olimlar bergan fatvo asosida muomala qilinishini” ta’kidladilar.