Super-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha tartiblar belgilandi
Jamiyat
−
05 Sentabr
7289O‘zbekistonda super-kontrakt bo‘yicha qo‘shimcha tartiblar belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Davlat komissiyasi bayoniga ko‘ra, kirish imtihonlari natijasi bo‘yicha tanlovda ishtirok etib, ikkinchi-beshinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biri bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarga o‘z xohishlariga ko‘ra, ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga ruxsat berildi.
Ushbu holatda abituriyent to‘plagan bali birinchi ta’lim yo‘nalishida to‘lov-kontrakt asosidagi o‘tish balidan past bo‘lishi lozim.
Bunday holda kontrakt summasini hisoblash Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt qiymatining minimal miqdorlari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, tanlagan barcha yo‘nalishlarga o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan yo‘nalishlaridan birida tabaqalashtirilgan kontrakt asosida o‘qishiga ruxsat beriladi.
Bunda, oliy ta’lim muassasalari tomonidan talabalikka qabul qilish tanlov bo‘yicha birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishida e’lon qilingan test sinovlari natijalariga ko‘ra, abituriyentlarning to‘plagan balini asos sifatida qabul qilib, murojaat etgan abituriyentlarning arizalariga muvofiq, to‘plagan ballari qat’iy ketma-ketligiga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, super-kontraktning bir yillik o‘qitish qiymatidan kamida 50 foizi miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshirgan abituriyentlar talabalar safiga qabul qilinadi. Super-kontraktni 2024 yilning 15 oktyabriga qadar to‘liq (100 foiz) to‘lagan abituriyentlarga, istisno tariqasida, 10 foiz chegirma taqdim etiladi. Barcha yo‘nalishlar uchun belgilangan super-kontrakt miqdori bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi davlat OTMlarida super-kontrakt uchun arizalarni onlayn qabul qilish va shartnomalarni berish boshlandi.