“So‘nggi titan”. Tailandda 27 tonnalik dinozavr qoldiqlari topildi
Olam
−
16 may 2279 2 daqiqa
Buyuk Britaniya va Tailand tadqiqotchilari Janubi-Sharqiy Osiyoda hozirgacha aniqlangan eng yirik dinozavr turini topdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, gap Nagatitan chaiyaphumensis nomli ulkan zauropod haqida ketmoqda. Buyuk Britaniya va Tailand tadqiqotchilari dinozavrning yangi turni Tailandning shimoli-sharqidagi Chaiyapxum viloyatida topilgan qazilma suyaklar asosida aniqlagan.
Olimlarning aytishicha, uning vazni 27 tonnaga yetgan bo‘lib, bu qariyb to‘qqizta yirik Osiyo filining og‘irligiga teng. Dinozavrning uzunligi esa 27 metrni tashkil etgan. Bu hattoki mashhur Diplodokus’dan ham kattaroq dinozavrlardan biri degani.
Tadqiqot bosh muallifi, London Universitet kolleji doktoranti Titivut Setapanishsakul Nagatitan’ni Tailandning “so‘nggi titani” deb atagan. Uning tushuntirishicha, qazilmalar mamlakatdagi eng yosh dinozavr qoldiqlari uchraydigan geologik qatlamdan topilgan.
“Dinozavrlar davrining oxiriga kelib hosil bo‘lgan yosh qatlamlarda dinozavr qoldiqlari deyarli saqlanib qolmaydi, chunki o‘sha paytda bu hudud sayoh dengizga aylangan edi. Shu sababli Nagatitan Janubi-Sharqiy Osiyoda topilgan eng so‘nggi yoki eng kech yashagan yirik zauropodlardan biri bo‘lishi mumkin”, deydi Titivut Setapanishsakul.
“Naga” so‘zi Janubi-Sharqiy Osiyo folkloridagi afsonaviy ilonni, “titan” esa yunon mifologiyasidagi ulkan mavjudotlarni anglatadi. Dinozavr nomidagi “chaiyaphumensis” qo‘shimchasi esa qazilmalar topilgan hudud nomidan olingan.
Olimlar Nagatitan bundan 100-120 million yil avval yashaganini aytmoqda. U Tirannozavr reks paydo bo‘lishidan qariyb 40 million yil oldin yashagan bo‘lib, undan deyarli ikki baravar katta bo‘lgan.
Tadqiqot hammuallifi, London Universitet kolleji professori Pol Apchyorchning aytishicha, o‘sha davrda atmosferadagi karbonat angidrid miqdori va global harorat yuqori bo‘lgan. Aynan shu omillar zauropodlarning yanada ulkanlashishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar Nagatitan janubi-sharqiy Osiyoda yashagan eng so‘nggi yirik zauropodlardan biri bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mo‘g‘ulistonning Gobi cho‘lidagi Uxaa Tolgod hududida paleontologlar uzunligi atigi 1 santimetr bo‘lgan nihoyatda yaxshi saqlanib qolgan skeletni topgan edi.
Live
Barchasi