So‘nggi 24 soat ichida koronavirus bilan bog‘liq qanday yangiliklar yuz berdi?

Olam

image

So‘nggi 24 soat ichida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qanday yangiliklar bor? Qanday voqea-hodisalar yuz berdi? Bularning bari QALAMPIR.UZ’ning 17 aprel kungi dayjestida.

Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 76 mingga oshdi, bu o‘tgan kecha bilan taqqoslaganda olti mingga ko‘pdir, deb yozadi JSST. Shuningdek, bir kunda 8 000 bemor vafot etgani aytilmoqda, bu kechagi ko‘rsatkichdan ham yuqori. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, eng ko‘p kasallangan va vafot etganlar Yevropada qayd etilgan. Ikkinchi o‘rinda - Shimoliy va Janubiy Amerika, uchinchi o‘rinda - G‘arbiy Tinch okeani mintaqasi bormoqda.

O‘zbekistonda ham ko‘rsatkichlar o‘zgardi. 2020 yil 18 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1 349 nafarni tashkil qilmoqda. Bugungacha bemorlarning 130 nafari sog‘aydi, 4 nafari vafot etdi.

Xitoyda so‘nggi 24 soat ichida 26 ta koronavirus infeksiyasi holati aniqlandi, 52 bemor tuzaldi, o‘lim holatlari haqida xabar yo‘q, deyiladi XXR Davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasining bayonotida. Umumiy hisobda, hozirgi kunda mamlakatda 879 kishi hali ham shifoxonada qolmoqda, 45 kishining ahvoli og‘ir, 670 kishi tuzalib ketgan.

Kanadadagi ilk mahbus koronavirus infeksiyasi natijasida vafot etdi. “Mishn munitsipalitetidagi jazoni ijro etish muassasasidagi bir mahbus 15 aprel kuni kasalxonada vafot etdi. O‘lim COVID-19 tufayli sodir bo‘ldi. Bu federal darajada sudlangan mahkumlar orasida koronavirusdan vafot etishning birinchi hoalti”, deyiladi bayonotda.

Bolgariya rasmiylari koronavirus tarqalishining oldini olish uchun Sofiya poytaxtini transport vositalarining kirish va chiqishi uchun yopmoqda. Mamlakat Bosh vaziri Boyko Borisov tomonidan tasdiqlangan farmon koronavirusga qarshi milliy inqiroz shtabining rahbari Vensislav Mutafchiyskiy va Sog‘liqni saqlash vazirligining rahbari Kiril Ananiyevning tashabbusi bilan e’lon qilindi.

Fransiyada koronavirus qurbonlari soni 17 920 kishiga yetdi, dedi mamlakat sog‘liqni saqlash Bosh direktori Jerom Salomon. Uning ta’kidlashicha, 11 060 kishi kasalxonalarda, 6860 kishi ijtimoiy va tibbiy-ijtimoiy muassasalarda vafot etgan.

Portugaliya parlamenti kecha, 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakat Prezidenti Marsel Rebelu de Souzaning favqulodda holat rejimini 2 maygacha uzaytirish to‘g‘risidagi taklifini qabul qildi. Davlat rahbari tushuntirish xatida favqulodda holat rejimini uzaytirish hozirgi sharoitda koronavirus epidemiyasi bilan kurashish uchun zarurligini ta’kidladi. Ammo mamlakatda epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, kompaniyalar, do‘konlar va boshqa korxonalar asta-sekin ishlashga qaytishi mumkinligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

303

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing