Sun’iy intellektga ishongan fermer bir kechada 10 gektar hosilidan ayrildi
Olam
−
16:05 6450 3 daqiqa
Xitoyning Anxuy provinsiyasida 67 yoshli fermer sun’iy intellekt tavsiyasi asosida pestitsid sepishi oqibatida bir kechada qariyb 10 gektar maydondagi kunjut ko‘chatlari qurib qoldi. Bu haqda CTWANT xabar berdi.
Qayd etilishicha, Chjujou shahrida yashovchi Vu ismli fermer taxminan bir yil avval sun’iy intellekt dasturidan foydalanishni boshlagan. U dehqonchilik ishlarini rejalashtirish, o‘g‘itlash va pestitsidlardan foydalanish bo‘yicha deyarli barcha masalalarda sun’iy intellekt bilan maslahatlashgan.
Dastlab u sun’iy intellekt tavsiyalariga shubha bilan qaragan. Biroq vaqt o‘tishi bilan uning maslahatlariga ishonchi ortib, taqdim etilgan yechimlarni bevosita amalda qo‘llay boshlagan. Joriy yil iyul oyining 10-kunida Vu sun’iy intellektdan kunjut ekinlaridagi begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi qanday kurashish mumkinligini so‘ragan. Shundan so‘ng sun’iy intellekt 10 gektar kunjut maydoni uchun havo orqali begona o‘tlarni yo‘q qilish va zararkunandalarga qarshi kurash rejasini ishlab chiqqan.
Rejada begona o‘tlarni yo‘q qilish uchun “yuqori samarali flu piridin” va “flufenazat”, shuningdek, “tiametoksam” va “emamektin benzoat”dan foydalanish tavsiya etilgan. Vu esa pestitsidlarni sepishdan oldin qishloq xo‘jaligi mutaxassislari bilan maslahatlashmagan. Biroq ertasi kuni dalada jiddiy muammo yuzaga kelgan. Kunjut ko‘chatlari ham, begona o‘tlar ham so‘lib, quriy boshlagan.
“Men ularga purkagan kunning ertasi kuni ko‘chatlar yaxshi emas edi. Begona o‘tlar va ko‘chatlar birga nobud bo‘ldi. Ko‘chatlar esa yanada tezroq nobud bo‘ldi”, degan Vu.
Shundan so‘ng, u yana sun’iy intellektdan maslahat so‘ragan. SI bu safar formuladagi “flufenazat” kunjutlarning nobud bo‘lishiga asosiy sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Mahalliy qishloq xo‘jaligi mutaxassislari ham flufenazat asosan soya dalalaridagi keng bargli begona o‘tlarni nazorat qilish uchun ishlatilishini, kunjut dalalarida esa undan foydalanish mumkin emasligini bildirgan. Ayrim boshqa ekinlarda ham ushbu vositadan foydalanish mumkin bo‘lsa-da, uni butun dalaga sepish fitotoksiklikka olib kelishi mumkin.
Vu sun’iy intellekt tavsiyani bergan paytda ehtimoliy xavflar haqida aniq ogohlantirmaganidan norozi. Uning fikricha, agar o‘sha paytda bunday ogohlantirish berilganida, u tavsiyaga amal qilmagan bo‘lishi mumkin edi.
Biroq sun’iy intellekt dasturining dialog oynasi yuqori qismida “Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, iltimos, tekshiring” degan ogohlantirish mavjud bo‘lgan. Vu esa bu yozuvni avval hech qachon payqamaganini aytgan.
Hodisaga aloqador sun’iy intellekt dasturi mijozlarga xizmat ko‘rsatish vakilining so‘zlariga ko‘ra, tizim mustaqil bilimlar bazasiga ega emas. Uning javoblari asosan internetda ommaga ochiq bo‘lgan ma’lumotlarni birlashtirish orqali shakllantiriladi.
Hozirda kompaniya ma’lumotlarning manbasini tekshirmoqda. Fermerga yetkazilgan zarar masalasida esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish vakili murojaat qayd etilganini va holat ichki tartibda ko‘rib chiqilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kembrij universiteti olimlari sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dunyodagi ilk vaksinani odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi