Sun’iy intellekt yordamida ilk vaksina yaratildi
Salomatlik
−
05 iyun 1792 2 daqiqa
Kembrij universiteti olimlari sun’iy intellekt yordamida yaratilgan dunyodagi ilk vaksinani odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Tadqiqotchilar ushbu ishlanma nafaqat COVID-19 ning barcha variantlariga, balki kelajakda pandemiyaga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi koronaviruslarga ham qarshi himoya yaratishga xizmat qilishi mumkinligini aytmoqda.
Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, vaksinaning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan antigen ilk bor to‘liq sun’iy intellekt tomonidan ishlab chiqilgan. Buning uchun olimlar turli koronaviruslarning genetik ma’lumotlarini sun’iy intellekt yordamida tahlil qilgan. Natijada viruslarning keng doirasiga qarshi immun javob hosil qila oladigan maxsus “super-antigen” yaratilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, an’anaviy vaksinalar odatda virusning ma’lum bir shtammiga qarshi ishlab chiqiladi va virus mutatsiyaga uchragan sari ularni yangilab borishga to‘g‘ri keladi. Yangi texnologiya esa viruslarning kelajakdagi o‘zgarishlarini ham hisobga olib, keng qamrovli himoya yaratishni maqsad qilgan.
Dastlabki klinik sinovlarda 39 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Tadqiqotchilar vaksina xavfsiz ekanini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, uning immun tizimiga ta’siri hozircha mo‘tadil darajada ekani qayd etilgan. Ayni paytda vaksinaning samaradorligini chuqurroq baholash uchun 200 ga yaqin ishtirokchini qamrab olgan ikkinchi bosqich sinovlari davom etmoqda.
Loyiha rahbarlaridan biri, Kembrij universiteti professori Jonatan Hinining aytishicha, yangi yondashuv viruslar ortidan quvish o‘rniga, ehtimoliy pandemiyalarning oldini olishga qaratilgan.
“Bu pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish usulimizdagi tub burilishdir”, deydi Jonatan Hini.
Olimlar allaqachon shu texnologiya asosida universal mavsumiy gripp vaksinasi, H5N1 qush grippiga qarshi preparatni hamda Ebola virusining turli turlariga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
Tadqiqot natijalari ilmiy doiralarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Mutaxassislar sun’iy intellekt kelajakda vaksinalarni yaratish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirishi, yangi infeksiyalarga qarshi kurashda muhim vositaga aylanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt tarixiy arxivlarda saqlanayotgan yuzlab, hatto minglab yillar davomida o‘qilmagan maxfiy qo‘lyozmalarni yechishda foydalanilayotgani haqida xabar berilgan edi. Tadqiqotchilar Vatikan kutubxonasidagi “Borg cipher” deb nomlanuvchi 408 sahifalik 400 yildan ortiq vaqt davomida o‘qilmay kelgan qo‘lyozmani SI yordamida shifrini qisman yechishga muvaffaq bo‘lgan va unda o‘sha davrga xos tibbiy “davolash usullari” yozilgani aniqlangan.
Live
Barchasi