Sun’iy intellekt josuslarning o‘rnini bosa olmaydi – MI6 rahbari
Olam
−
20 iyul 2023
2973Sun’iy intellekt josuslik dunyosini o‘zgartiradi, ammo razvedka xodimlarining o‘rnini bosa olmaydi. Bu fikrni bugun, 19 iyul kuni Britaniyaning MI6 tashqi razvedka xizmati rahbari Richard Mur mamlakatning Praga elchixonasidagi chiqishida bildirdi.
"Sun’iy intellekt axborotga erishish va undan foydalanishni yanada qulayroq qiladi. Ba’zilar u razvedka xizmatlarini siqib chiqarashi mumkinligini prognoz qilmoqda. Aslida u josuslik vazifasini to‘liq bajara olmaydi", deydi MI6 rahbari.
Shu bilan birga, Mur sun’iy intellektni global darajada tartibga solish qoidalarini ishlab chiqishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya bu borada turli davlatlar, jumladan, Xitoy bilan hamkorlik qilishga tayyor, chunki Xitoy tomonidan bu borada qiziqarli takliflar berilgan.
Xususan, joriy yilning aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasining Kiberkosmos boshqarmasi generativ sun’iy intellekt xizmatlarini boshqarish usuli to‘g‘risidagi loyihani e’lon qildi. Hujjatda aytilishicha, generativ sun’iy intellekt xizmatlari terrorizm, ekstremizm, ksenofobiya, zo‘ravonlik, pornografiya, yolg‘on ma’lumotlarni targ‘ib qilmasligi, shuningdek, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy tuzumini buzadigan kontent yaratmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Richard Mur uning idorasi Xitoyni diqqat bilan kuzatayotganiga ishora qilgandi.
LiveBarchasi