Sun’iy intellekt yozuvchilar nomidan soxta kitoblar yoza boshladi
Texnologiya
−
11 avgust 2023
6343Bir nechta kitoblar muallifi, yozuvchi Jeyn Fridman o‘ziga tegishli bo‘lmagan yangi kitoblar Amazon onlayn savdo platformasida uning nomi bilan sotilayotganini ko‘rib qoldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Yangi kitoblar odatda u yozadigan mavzularga o‘xshash, ammo matn uning uslubiga taqliddan iborat.
“Men ushbu kitoblarni ko‘rib chiqishni boshlaganimda u, asosan, sun’iy intellekt tomonidan yaratilganiga amin bo‘ldim. Mening internetda mavjud bo‘lgan juda ko‘p bepul kontentim bor, chunki men ancha vaqtdan buyon blog yuritganman. Shuning uchun sun’iy intellektning menga taqlid qilishi qiyin bo‘lmaydi”, dedi Fridman.
ChatGPT kabi sun’iy intellekt vositalari endi juda katta hajmdagi ishonarli matnni tez va arzon yozishga qodir. Bu esa ko‘plab yozuvchilarni ishsizlik xavfi ostida qoldirdi. Shuning uchun mualliflar SI modellarini o‘rgatish uchun ularning materiallaridan foydalanishlarini istamaydi.
Fridman SI tomonidan ishlab chiqarilgan soxta kitoblar muammosiga duch kelgan yagona muallif emas. U X`dagi sahifasida ushbu muammo haqida blog post joylashtirdi. Unga javoban bir nechta mualliflar ham shunday holatga duch kelganligini aytdi.
“Odamlar menga eng so‘nggi kitobimni sotib olganini aytdi. Qizig‘i, unda mening ismim bor. Lekin men bu kitobni yozmaganman”, dedi mualliflardan biri.
Amazon Fridman nomi bilan sotilayotgan kitoblarni olib tashladi va soxta kitob savdosini taqiqlashini aytdi.
“Bizda qaysi kitoblarni sotuvga qo‘yish mumkinligini ko‘rsatuvchi aniq ko‘rsatmalar mavjud va muammo kelib chiqadigan bo‘lsa, har qanday kitobni zudlik bilan tekshiramiz”, dedi Amazon matbuot kotibi Eshli Vanichek.
Eslatib o‘tamiz, Apple kompaniyasi 2016 yildan beri kuzatilmagan eng uzoq muddatli savdo pasayishiga duch keldi. Bunga uning ketma-ket yilning uchinchi choragida ham sun’iy intellektga katta sarmoya kiritgani sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr