Sun’iy intellekt odam bo‘lmaydi – Bill Geyts
Texnologiya
−
30 mart
5559Milliarder, filantrop va Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geytsning fikricha, sun’iy intellekt inson bajara oladigan barcha vazifalarni bajara olmaydi. Bu haqda u Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan o‘zaro suhbatida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 29 mart kuni Bosh vazir Narendra Modi va Bill Geyts uchrashgan. Suhbat bir qator mavzularni, jumladan, sun’iy intellektning kelajagi, raqamli jamoat infratuzilmasining ahamiyati va Hindistondagi emlash dasturlarini qamrab olgan.
Geytsning so‘zlariga ko‘ra, hozir dunyo sun’iy intellekt texnologiyalari bilan aloqa qilishning dastlabki bosqichida. Shuningdek, insoniyatga neyron tarmoqlar katta imkoniyatlar yaratayotgandek tuyuladi, biroq ular bilan bog‘liq holda ko‘plab muammolar yuzaga kelishi mumkin.
“Sun’iy intellekt odamlarga qiyin tuyulgan vazifalarni bajaradi, ammo siz oson deb hisoblagan ishlarni uddalay olmaydi. SI juda katta imkoniyat, deb atalsa-da, kashfiyotning siz bilmagan juda ko‘p kamchiliklari bor", degan u.
Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt bilan bog‘liq muammolardan biri jinoyatchilar nufuzli odamlarning yuzlari va ularning ovozlari bilan videolarni soxtalashtirish va shu orqali jamoatchilikka ta’sir o‘tkazishidir. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ushbu tahdidning yechimi sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan kontentni majburiy etiketlash, deb hisoblashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geyts o‘z blogida sun’iy intellekt (Artificial Intelligence) va innovatsiyalar, jumladan, ularning kelgusi yilda qanday rivojlanishi haqida o‘z fikrlarini bildirgandi.
Rayhona Ulkanbayeva.
LiveBarchasi