Bill Geyts sun’iy intellekt kelajagini bashorat qildi
Bu qiziq
−
25 dekabr 2023
12959Microsoft korporatsiyasiga asos solganiga qariyb yarim asr o‘tgan bo‘lsa ham, Bill Geyts hamon IT-industriyasining asoschilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Geyts o‘z blogida sun’iy intellekt (Artificial Intelligence) va innovatsiyalar, jumladan, ularning kelgusi yilda qanday rivojlanishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Milliarderning fikricha, 2023 yilda sun’iy intellektning rivojlanishi yaqin kelajakni yanada ko‘proq shakllantiradigan texnologik tendensiyaning boshlanishi xolos. Bundan tashqari, u sun’iy intellekt diqqat markazida bo‘lishini va dunyoni "ko‘proq adolatli joyga" aylantirishi mumkinligini bashorat qilmoqda. Bu so‘z Geytsning olti sahifali xabarida 28 marta uchragan.
Unga ko‘ra, sun’iy intellekt “innovatsiyalar oqimini ko‘paytirish” uchun yaratilgan va energetika, avtomobillar, samolyotlar va raqamli sohadagi yutuqlarni tilga olgan. Agar texnologiyaga o‘z vaqtida aqlli sarmoya kiritilsa, bu innovatsiyalar dunyoning kambag‘al va boy hududlariga yetib borishi uchun ketadigan vaqt oralig‘idagi bo‘shliqni kamaytirishga yordam beradi.
Geyts “innovatsiyalar o‘tgan asrda bizning hayotimiz yaxshilanishining asosiy sababi bo‘ldi”, degan.
U hatto Geyts jamg‘armasi uchun strategiya sharhlarini ishlab chiqish uchun sun’iy intellekt yordamida yuzlab sahifa materialini saralashni rejalashtirayotgani haqida gapirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Geyts jamg‘armasi birinchi navbatda uchinchi dunyo mamlakatlariga nomutanosib ravishda ta’sir ko‘rsatadigan sog‘liq muammolarini hal qiluvchi vositalarni yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi. Geyts postida OITS, bezgak va sil kabi kasalliklarni misol qilib keltirgan.
“Biz AI-ni foydaliroq qilish haqida global sog‘liqni saqlash sohasi orqali ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Asosiy saboq shuki, mahsulot undan foydalanadigan odamlarga moslashtirilgan bo‘lishi kerak”, degan u.
Investor sun’iy intellekt rivojlanishining hozirgi bosqichini Internetning dastlabki davri bilan taqqoslab, boy va kambag‘al mamlakatlar o‘rtasida yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishda qanchalik farq borligini eslatgan.
"Agar men bashorat qilishim kerak bo‘lsa, AQSH kabi yuqori daromadli mamlakatlarda umumiy aholi tomonidan sun’iy intellektdan foydalanishning sezilarli darajasi 18 oydan 24 oygacha davom etishini taxmin qilgan bo‘lardim. Taxminan uch yildan so‘ng bu Afrika mamlakatlariga tarqalishi mumkin", deya izohlagan milliarder.
Shuningdek, u bu bo‘shliqni boshqa texnologiyalar orqali to‘ldirish mumkinligiga to‘xtalgan.
Eslatib o‘tamiz, Rimda Bosh vazir Jorjia Melonining “Italiya birodarlar” partiyasi tadbirida qatnashgan Ilon Mask ba’zi davlatlarning yo‘q bo‘lib ketishini bashorat qilgan edi.
LiveBarchasi