Kurs UZS

USD

12 968.38

-4.93

EUR

14 343.03

14.01

RUB

152.37

1.18

Sun’iy intellekt ish o‘rinlarining 40 foiziga ta’sir qiladi – BMT

Texnologiya

image

Sun’iy intellekt (SI) butun dunyo bo‘ylab ish o‘rinlarining 40 foiziga ta’sir ko‘rsatadi va mehnat unumdorligini oshirishga yordam beradi. Bu haqda BMT tomonidan kecha, 3 aprel kuni e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, avtomatlashtirish ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.

“Avtomatlashtirishdan olinadigan afzalliklar, ko‘pincha, ishchilarga emas, balki kapital egalariga foyda keltiradi. Bu esa ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi va rivojlanayotgan mamlakatlarda arzon ishchi kuchining raqobatbardosh ustunligini zaiflashtirishi mumkin. Biroq SI – bu faqat ish o‘rinlarini qisqartirish emas, balki yangi sohalar va ishchilar uchun imkoniyatlar yaratishdir. Texnologiyalar odamlarni mehnat bozoridan siqib chiqarishi emas, balki taraqqiyotga xizmat qilishi uchun, mehnat kuchini qayta tayyorlash va moslashtirish dasturlariga sarmoya kiritish lozim”, deyiladi hisobotda.

Prognozlarga ko‘ra, 2033 yilga borib sun’iy intellekt bozori hajmi 4,8 trillion AQSH dollariga yetadi va u raqamli transformatsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanadi.

“Biroq SI sohasidagi infratuzilma va ekspert bilimlariga ega bo‘lish bir nechta mamlakatlar qo‘lida to‘plangan. Jahon korporativ ilmiy-texnologik tadqiqot xarajatlarining 40 foizini asosan AQSH va Xitoydan bo‘lgan atigi 100 ta kompaniya ta’minlaydi. Bunday bozor ustunligi texnologik tafovutni chuqurlashtirishi va ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarni SI afzalliklaridan mahrum qilishi mumkin”, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.

Bildirilishicha, SI yangi iqtisodiy istiqbollarni ochadi, texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarni milliy rivojlanish strategiyalarining asosiy tarkibiy qismlariga aylantiradi.

BMT SIni samarali joriy qilish uchun mamlakatlarga uchta yo‘nalishga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi: infratuzilma, ma’lumotlar va ko‘nikma. Ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish nafaqat SI ni joriy etish, balki ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarga javob beruvchi o‘z innovatsion yechimlaringizni yaratish imkonini ham beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriyada dunyoda birinchi bo‘lib Flynn nomli sun’iy intellekt Vena Amaliy san’at universitetining raqamli san’at dasturiga rasmiy ravishda talaba sifatida o‘qishga qabul qilgandi. Flynn odatdagi hujjat topshirish jarayonini bosib o‘tgan: u portfel taqdim etib, suhbat va muvofiqlik testidan o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT ish o'rni Sun'iy intellekt Avtomatlashtirish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing