BMT Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi
Olam
−
19 mart
2614BMT Rossiyani Ukrainaga to‘liq bosqini davomida ukrainaliklarni tizimli ravishda o‘g‘irlash va qiynoqqa solish orqali insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda aybladi. Bu haqda BMTning Mustaqil xalqaro tergov komissiyasining yangi hisobotida qayd etilgan.
Hisobotga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan hududlarda ko‘plab tinch aholi vakillari hibsga olinib, keyinchalik Rossiyaga deportatsiya qilingan. Ayrimlari qiynoqlarga va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
“Jinoyatlar keng miqyosli va tizimli hujumlar doirasida sodir etilgan bo‘lib, ular markazlashgan davlat siyosatiga muvofiq amalga oshirilgan”, deyiladi “Reuters” keltirgan hisobotda.
Komissiyaning aniqlashicha, eng shafqatsiz qiynoqlar odatda Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Rossiya Tergov qo‘mitasi xodimlari tomonidan so‘roq jarayonlarida qo‘llangan. Shuningdek, ayol mahbuslarga nisbatan qo‘shimcha jinsiy zo‘ravonlik holatlari ham qayd etilgan.
Komissiya raisi Erik Myose Rossiya hukumati bedarak yo‘qolganlar taqdiri bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermaganini aytib, oqibatda ukrainaliklarning oilalari “azobli mavhumlik” holatida qolayotganini ta’kidlagan. Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri 50 000 ga yaqin inson bedarak yo‘qolgan.
BMTdagi Britaniya elchisi Saymon Menli “hibsga olinganlarga nisbatan shafqatsiz munosabat ko‘lamidan dahshatga tushganini” bildirgan. Ukraina esa BMT Inson huquqlari kengashidan Komissiya mandatini uzaytirishni so‘ragan. Yakuniy qaror aprel oyida qabul qilinishi kutilmoqda.
Rossiyaning Jenevadagi vakolatxonasi hisobotni “siyosiy tusga ega va noxolis” deb atab, uni izohlashdan bosh tortgan. Moskva avvalroq ham harbiy asirlarga nisbatan qiynoqlar va shafqatsiz munosabat haqidagi ayblovlarni rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning mustaqil ekspertlari Isroil jinsiy zo‘ravonlikni urush vositasi sifatida qo‘llayotgani yuzasidan hisobot e’lon qilgan edi. Hujjatda genotsid amaliyoti, jumladan, G‘azo sektori va Sharqiy Quddusdagi ayollar klinikalarining ataylab vayron qilinishi qayd etilgan bo‘lib, bu holat hisobot mualliflariga ko‘ra, falastinliklarning reproduktiv huquqlarini buzadi va tug‘ilish darajasini nazorat qilish vositasi sifatida xizmat qiladi.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart