BMT Isroilni jinsiy zo‘ravonlikda aybladi

Olam

image

BMTning mustaqil ekspertlari Isroil jinsiy zo‘ravonlikni urush vositasi sifatida qo‘llayotganini aytmoqda. Bu haqda ularning joriy yil 13 mart kuni e’lon qilingan hisobotida so‘z boradi.

Hujjatda genotsid amaliyoti, jumladan, G‘azo sektori va Sharqiy Quddusdagi ayollar klinikalarining ataylab vayron qilinishi qayd etilgan bo‘lib, bu holat hisobot mualliflariga ko‘ra, falastinliklarning reproduktiv huquqlarini buzadi va tug‘ilish darajasini nazorat qilish vositasi sifatida xizmat qiladi.

Shuningdek, ekspertlar Isroil harbiylarining harakatlari homilador ayollar o‘limining oshishiga sabab bo‘layotganini ham qayd etgan. Chunki Falastin aholisining tibbiy yordam olish imkoniyati cheklangan. Hisobotda, shuningdek, Isroil harbiylari falastinliklarni omma oldida yechinishga majburlagani va 7 oktyabr voqealaridan keyin “standart jazo amaliyoti” sifatida jinsiy jinoyatlar sodir etgani haqida da’volar bor.

Xususan, Isroil xavfsizlik kuchlari falastinliklarga nisbatan majburiy ommaviy yechinish, zo‘rlash tahdidlari kabi jinsiy zo‘ravonlik va jinsiy xarakterdagi hujumlarni o‘zining odatiy amaliyoti sifatida qo‘llaydi. Hujjatda ta’kidlanishicha, zo‘rlash va jinsiy a’zolarga nisbatan zo‘ravonlik kabi harakatlar bevosita buyruq asosida yoki Isroilning fuqaroviy va harbiy rahbariyatining sukut bilan roziligi ostida amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Komissiya G‘arbiy Sohilda Isroil ko‘chmanchilari tomonidan sodir etilayotgan jinsiy va gender asosidagi jinoyatlar uchun jazo mavjud emasligini ham ta’kidlagan.

“Isroil rahbarlarining oqlov xarakteridagi bayonotlari va harakatlari, shuningdek, harbiy sud tizimining jinoyatchilarni samarali ta’qib qilish va javobgarlikka torta olmasligi Isroil xavfsizlik kuchlari a’zolariga jazodan qo‘rqmasdan bunday harakatlarni davom ettirish mumkinligini aniq anglatadi. Shu nuqtai nazardan, xalqaro jinoiy sud hamda mamlakatlarning ichki qonunchiligi yoki universal yurisdiksiya doirasida faoliyat yurituvchi sudlar orqali javobgarlikka tortish qonun ustuvorligini ta’minlash va jabrlanganlar uchun adolatni qaror toptirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega”, deydi komissiya raisi Navi Pillay.

Hozircha Isroilda bunday hodisalardan faqat bitta holat rasmiy ravishda tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Sde-Teyman bazasidagi qamoqxonada harbiylar mahbusga qarshi zo‘ravonlik qilgan, jumladan, o‘tkir tig‘li buyumdan foydalangan.

Isroil qolgan ayblovlarni rad etib, armiyasida bunday harakatlarni qat’iyan taqiqlovchi aniq ko‘rsatmalar borligini bildirgan. Shuningdek, Isroilning Jenevadagi BMTdagi doimiy vakilligi har bir shikoyat xalqaro standartlarga muvofiq o‘rganilishini qayd etib, hisobot mualliflarini tasdiqlanmagan manbalardan foydalanishda ayblagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh Assambleyasi Isroilga qarshi uchta rezolyutsiya qabul qilgan edi. Bu rezolyutsiyalar 2024 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 17-marta Isroilning qoralanishi bo‘lgan. Ushbu rezolyutsiya 137 nafar yoqlash, 12 nafar qarshi va 22 nafar betaraf ovoz bilan qabul qilingan. Rezolyutsiyada insonparvarlik yordami va asosiy xizmatlarni taqdim etishni ta’minlash hamda Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, rezolyutsiyada Isroil tomonidan bosib olingan hududlarda xalqaro tashkilotlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi choralar qoralanadi.


Maqola muallifi

Teglar

jinsiy zo'ravonlik BMT Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing