Husiylar Tel-Aviv yaqiniga zarba berdi
Olam
−
12 aprel
3693Yaman husiylari Tel-Aviv hududidagi ikkita harbiy ob’ektga uchuvchisiz samolyotlardan zarbalar berdi. Bu haqda husiylar harbiylari vakili Yahyo Sariya ma’lum qildi.
“Yaman qurolli kuchlari harbiy operatsiya o‘tkazdi, uning davomida bosib olingan Yaffa (Tel-Aviv) hududidagi Isroilning ikkita harbiy ob’ekti uchuvchisiz samolyotlar tomonidan hujumga uchradi”, dedi u.
Isroil mudofaa kuchlari kecha, 11 aprel kuni sharqdan Isroil havo hududiga yaqinlashib kelayotgan uchuvchisiz uchish apparatini tutib olgani haqida xabar berdi.
“Al Hadath” telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Yamandan uchirilgan uchuvchisiz samolyotning bo‘laklari Iordaniyaga tushib ketgan.
Zarbadan keyingi vayronagarchiliklar va qurbonlar haqida ma’lumotlar yo‘q. Isroil armiyasi hujumni qaysi davlat boshlaganiga aniqlik kiritmadi.
Yamanga havo hujumlari
7 mart kuni husiylar Isroilga insonparvarlik yordamining G‘azoga kirishiga ruxsat berish uchun to‘rt kun muhlat berishlarini e’lon qilib, aks holda, Isroilga qarshi dengiz amaliyotlarini qayta boshlash bilan tahdid qildi.
15 mart kuni esa AQSHning Prezidenti Donald Tramp Truth Social platformasidagi bayonotida harbiylarga Yamandagi husiylarga qarshi “keng miqyosdagi zarba” berishni buyurganini e’lon qildi.
Bunga javoban husiylar yetakchisi Abdulmalik al-Husiy hujumlar davom etsa, Amerika samolyotlari va jangovar kemalari nishonga olinishini va dengiz blokadalari AQSHga qadar uzaytirilishini aytdi.
LiveBarchasi