Oq uy BMT va NATOga pul berishni to‘xtatmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Davlat departamenti byudjetini ikki baravarga qisqartirishni, diplomatlar va elchixonalar sonini, xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va NATOni moliyalashtirishni kamaytirishni taklif qildi. Bu haqda bugun, 15 aprel “Reuters” va “Associated Press” (AP) xabar qildi.

Nashrlar 2025 yil 1 oktyabrda boshlanadigan 2026 moliya yili uchun Davlat departamenti byudjeti to‘g‘risidagi AQSH boshqaruv va byudjet byurosi (Office of Management and Budget, OMB) hujjatidan iqtibos keltirdi. Unga ko‘ra, moliyalashtirish 50 foizga yoki taxminan 30 milliard dollarga qisqartirilishi rejalashtirilgan.

“Oq uy AQSHning xorijdagi, asosan Afrika va Yevropadagi 10 ta elchixonasi va 17 konsulligini yopishni taklif qilmoqda”, deb xabar berdi “Reuters”agentligi.

Qisqartirishlar nafaqat Davlat departamentiga, balki funksiyalari ushbu idoraga o‘tgan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligiga (USAID) ham ta’sir qiladi. AP xabariga ko‘ra, hujjat BMT va NATOni moliyalashtirishni to‘xtatish, xorijiy yordamni yarmiga qisqartirish va xorijda sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishni to‘xtatishni taklif qiladi. OIV, sil va bezgak uchun kichik mablag‘lar bundan mustasno. 

Agentlikning qayd etishicha, hujjat dastlabki xususiyatga ega va uni na Davlat departamentining o‘zi, na 2026 yilgi davlat byudjetini tasdiqlashi kerak bo‘lgan AQSH Kongressi ma’qullamaydi.

“Mablag‘lash bo‘yicha yakuniy qarorlar hali qabul qilinmagan”, dedi OMB matbuot kotibi.

Hujjatni ham ko‘rib chiqqan “The New York Times” gazetasi ham BMT va NATOni moliyalashtirishni to‘xtatish taklifi haqida yozadi. Uning versiyasiga ko‘ra, shuningdek, xalqaro tinchlikparvar operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni va xorijdagi barcha ta’lim va madaniy dasturlarni qisqartirish taklif etiladi.

“The Washington Post” gazetasi xuddi shu hujjatga tayanib, Davlat departamenti byudjetining qisqarishi, Oq uy loyihasiga ko‘ra, 27 milliard dollar yoki 48 foizni tashkil etishi kerakligini yozadi.

OMB hujjati “Politico” portali tomonidan ham tahlil qilinadi. Unga ko‘ra, Okeaniyadagi bir qator elchixonalarni yopish ham rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Oq uy Amerikaning birinchi imkoniyatlar fondi (America First Opportunities Fund) deb nomlangan 2,1 milliard dollarlik yangi dasturni taklif qilmoqda. U haqida tafsilotlar noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, 20 yanvar kuni lavozimga kirishgan AQSH Prezidenti Donald Tramp shu kunning o‘zida ijro farmoyishlarining butun bir paketini imzolagandi. Ular qatorida Qo‘shma Shtatlarni Parij iqlim kelishuvidan va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan (JSST) chiqarish to‘g‘risidagi hujjatlar bor. Fevral oyida Tramp AQSHni BMTning “antiamerikan” tashkilotlaridan chiqarish to‘g‘risida farmon imzoladi. BMT Inson huquqlari kengashi va Falastin qochqinlariga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) shular jumlasidan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO BMT Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing