Bangladesh passportiga “Isroildan tashqari” jumlasi qayta kiritildi

Olam

image

Bangladesh o‘z fuqarolarining pasportlariga “Isroildan tashqari” degan jumlani qayta kiritishni boshladi. Bu haqda Bangladeshning BSS davlat axborot agentligi xabar berdi.

Mamlakat rasmiylari 12 aprel kuni 100 mingga yaqin aholi poytaxt Dakkada mustaqil Falastin davlatini qo‘llab-quvvatlab namoyishlarga chiqqani ortidan shunday qarorga kelgan. Dakka universiteti atrofida G‘azo bilan birdamlik uchun to‘plangan insonlarning ko‘pligi siyosiy elitaga fuqarolarning bu boradagi pozitsiyasi jiddiy ekanini isbotlangan.

Namoyishchilar Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun AQSH Prezidenti Donald Tramp, yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining suratlarini ko‘tarib, ularga zarar yetkazgan. Norozilik harakatlari chog‘ida G‘azodagi tinch aholi qurbonlarini ifodalovchi ramziy tobutlar va tasvirlar ham olib chiqilgan. Bangladeshning sobiq bosh vaziri Xolida Ziyo boshchiligidagi Bangladesh milliy partiyasi va boshqa islomiy guruhlar va partiyalar namoyishchilar bilan birdamlik e’lon qilgan.

Bangladesh pasportlarida o‘tmishda ham o‘nlab yillar davomida “Isroildan tashqari barcha mamlakatlar uchun amal qiladi” iborasi chop etib kelingan. Ammo bu yozuv 2021 yilda hokimiyatdan ag‘darilgan bosh vazir Shayx Hasina tomonidan olib tashlangan. Hasina hukumati bu qarorni mamlakat pasportlarini dunyo standartlariga moslash harakati sifatida izohlagan. Biroq bu o‘zgarishga qaramay, o‘shanda ham Bangladesh Isroilga nisbatan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan va uni tan olmaslikda davom etgan.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Bangladesh Isroilni tan olmaydigan BMT ga a’zo 29 davlatdan biri hisoblanadi. Bu davlat o‘z fuqarolariga Isroilga borishni taqiqlashi va Isroil pasportiga ega kishilarni mamlakatga qabul qilmasligi bilan tanilgan. Uning bunday yondashuvi aholining aksariyat qismi musulmon ekani bilan izohlanadi. Bugungi kunda Bangladesh 172 milliondan ortiq aholiga ega. Ularning 91 foizdan ko‘prog‘i, aniqrog‘i 150 millioni musulmonlardir.


Maqola muallifi

Teglar

Bangladesh Isroil passport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing