Dunyo bo‘ylab 9 mingga yaqin migrant halok bo‘ldi – BMT

Olam

image

2024 yilda dunyo bo‘ylab 8938 migrant halok bo‘ldi. Bu haqda BMT huzuridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) ma’lum qildi.

“Dunyo bo‘ylab migrantlar o‘limi ortib borayotgani fojiadir va buning oldini olish mumkin. Har bir raqam ortida inson taqdiri turibdi, bu ularning oilalari uchun katta yo‘qotish. Ko‘plab mintaqalarda o‘limlar sonining oshib borayotgani global yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda, bu fojiaviy yo‘qotishlarning oldini olishi kerak”, deydi XMT operatsiyalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Ugoti Deniyels.

2024 yil dunyo miqyosida eng halokatli yil bo‘lishi bilan birga, ayrim hududlarda rekord darajadagi o‘limlar qayd etilgan. Xususan:

  • Osiyo – 2 778 migrant;
  • Afrika – 2 242 migrant;
  • Yevropa – 233 migrant halok bo‘lgan.

Amerika bo‘yicha yakuniy ma’lumotlar hali e’lon qilinmagan, biroq 2024 yilda kamida 1 233 kishi halok bo‘lgan. Jumladan, Karib havzasida 341 migrant, Daren o‘rmonidan o‘tish chog‘ida esa 174 migrant halok bo‘lgani qayd etilgan.

Dunyo bo‘ylab migrantlar o‘limining kamida 10 foizi zo‘ravonlik oqibatida sodir bo‘lgan. 2024 yilda bu asosan Osiyodagi migrantlarga nisbatan sodir etilgan. Xususan, Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyo yo‘nalishlarida 600 ga yaqin migrant halok bo‘lgan.

Aslida migrantlar o‘limi va bedarak yo‘qolishlar soni rasmiy hisobotlarda ko‘rsatilganidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Ko‘plab o‘lim holatlari rasmiy manbalar yetishmovchiligi sababli hujjatlashtirilmagan.

“O‘limlarning ko‘payishi dahshatli holat, ammo minglab migrantlarning shaxsini aniqlay olmaslik bundan ham fojiali”, deydi XMTning Bedarak yo‘qolgan migrantlar loyihasi koordinatori Juliya Blek.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida COVID-19 pandemiyasi davridagi pasayishdan so‘ng dunyoda odam savdosi yana o‘sish bosqichiga o‘tgani ma’lum qilingandi. Xususan, 2022 yilda odam savdosi qurbonlari soni 2019 yilga nisbatan 25 foizga, 2020 yilga nisbatan esa 43 foizga oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

migrant BMT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing