Suma Chakrabarti Shavkat Mirziyoyevga maslahatchi bo‘lishi kutilyapti
Jamiyat
−
15 Sentabr 2020
12416Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq rahbari Suma Chakrabarti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlanishi kutilmoqda. Bu haqda Suma Chakrabarti Twitter`dagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev meni iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlayotganidan bag‘oyatda xursandman. Unga islohotlar dasturini amalga oshirishda yordam berishdan mamnun bo‘lamiz”, degan Chakrabarti.
Avvalroq, Suma Chakrabarti Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha shtatdan tashqari maslahatchisi etib tayinlangani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, Suma Chakrabarti 8 yil davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankiga rahbarlik qilgan. U “Trend” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston iqtisodi juda yaxshi rivojlanayotganini va bu yiliga 5-6 foizni tashkil etayotganini aytib o‘tgandi.
Chakrabartining ta’kidlashicha, Jahon bankining "Ish yuritish qulayligi" so‘nggi hisobotida, O‘zbekiston oxirgi o‘n ikki oy ichida ishbilarmonlik muhiti eng yaxshilangan yigirma mamlakat qatoriga kiritilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Suma Chakrabartini "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlagandi.
LiveBarchasi