Sulaymoniyning qabri yaqinidagi teraktda halok bo‘lganlar yuzdan oshdi
Olam
−
04 yanvar
5055Eron janubidagi Kirmon shahridagi qabriston yaqinida sodir bo‘lgan ikki portlash oqibatida kamida 103 kishi halok bo‘ldi, 170 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Yig‘ilganlar Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Quds kuchlari qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy vafotining to‘rt yilligiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etgan. Marosim chog‘ida ikkita portlash sodir bo‘lgan. Eron rasmiylari voqeani terakt deb atadi.
Eron Ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy birinchi portlash mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida sodir bo‘lganini, odamlar va qutqaruvchilar yordam uchun voqea joyiga yetib kelganida, ikkinchi portlash sodir bo‘lganini aytdi.
BBC Fars xizmatining mahalliy manbalarga tayanib yozishicha, portlashlar Golzar Shahada yo‘lidagi Saheb az-Zamon masjidi yaqinida – birinchisi Qosim Sulaymoniy qabridan 700 metr masofada, ikkinchisi esa bir kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bombalar ikki sumkaga solingan va masofadan turib portlatilgan, biroq bu ma’lumot hali rasman tasdiqlanmagan.
Xalqaro Qizil yarim oy jamiyatining Eron bo‘limi yaradorlardan ko‘pchiligining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Eron tashqi siyosatining ideologi bo‘lgan Qosim Sulaymoniy 2020 yilda o‘zi joylashgan binoga AQSH havo hujumi uyushtirgani oqibatida vafot etgan. Uning dafn marosimida odamlarning ko‘pligi tufayli 56 kishi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 yanvar kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mazkur terakt oqibatida vafot etganlarning oila a’zolariga va Eron xalqiga hamdardlik bildirgandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Kirmondagi terakt munosabati bilan Eron rahbariyatiga hamdardlik bildirib, Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy va Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyga tegishli maktub yo‘llagan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi esa qabriston yaqinidagi portlashlarni keskin qoraladi. Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy teraktning aybdorlari va tashkilotchilari topilib, jazolanishiga va’da berdi.