Sulhni garovdagilar evaziga uzaytirishga tayyormiz – Isroil
Olam
−
24 fevral 2025 3774 1 daqiqa
Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish muddatini HAMAS harakati tomonidan garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qilish evaziga uzaytirishga tayyor. Bu haqda Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Bryusselda Ruminiya, Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya va Vengriya Tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
“Biz sulhni vaqtincha uzaytirishni istisno etmaymiz, biroq faqat garovdagilar ozod qilingandagina bu amalga oshadi,” deydi Saar.
U Isroil o‘z fuqarolarini garovdan ozod qilish va G‘azo urushida belgilangan maqsadlarga erishish bo‘yicha majburiyat olganini qo‘shimcha qildi.
Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Saar Bryusselda Isroil va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni boshqarish bo‘yicha Oliy darajadagi forum doirasida Yevropa Ittifoqi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari bilan shaxsiy uchrashuvlar o‘tkazgan.
Uchrashuvlarda Saar “Eron tahdidi” masalasini ko‘targan va “mintaqadagi tinchlikka tahdid solayotgan” Eronga qarshi mavjud sanksiyalarni kuchaytirish hamda yangilarini joriy qilish vaqti kelganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Isroil G‘azo sektoridagi janglarni “har qanday vaqtda” qayta boshlashga tayyorligini aytgan va jangovar maqsadlariga “muzokaralar yoki boshqa vositalar orqali” erishishga va’da bergandi.
Live
Barchasi