Sulhdan keyin neft narxi keskin pasaydi
Olam
−
08 aprel 3765 2 daqiqa
Bugun, 8 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan 2 haftalik tinchlik kelishuviga erishilganini hamda Hormuz bo‘gozi qayta ochilishini e’lon qilgan edi. Ushbu sulhdan so‘ng global bozorda neftning narxi sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Jaxon global bozorida Brent markali neft narxi taxminan 13 foizga pasayib, bir barrel uchun 94,80 dollarni tashkil etdmoqda. Qo‘shma Shtatlarning o‘zida esa bir barrel neft narxi 15 foizgacha tushib, 95,75 dollar bo‘lib qolmoqda.
Ammo qora oltinning o‘rtacha narxi joriy yil 28 fevral, AQSH va Isroilning Eronga hujum uyushtirilganidan buyon hamon yuqoriligicha qolmoqda. Urush boshlanishidan oldin o‘rtacha bir barrel neftning narxi 70 dollar atrofida bo‘lgan. O‘shanda Eron Hormuz bo‘g‘ozidan foydalanayotgan AQSH va Isroil kemalariga hujum qilish bilan tahdid qilganidan so‘ng Yaqin Sharqdan neft va gaz yetkazib berish butunlay to‘xtab qolgan edi. Buning ortidan nafaqat Qo‘shma Shtatlarda, balki global bozorda ham neftning narxi keskin oshib ketgan.
Kecha, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qildi. Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, ushbu qaror Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifi hamda “Eron Islom Respublikasining Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, zudlik bilan va xavfsiz tarzda ochishga tayyorligi” inobatga olingan holda qabul qilingan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 10 ta shartni ilgari surgan va AQSH “ularga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”. Ular orasida hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor. Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qildi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi