Sulh buzildi: Eron Hormuzdagi kemaga, AQSH esa Eronga zarba berdi
Olam
−
27 iyun 6307 2 daqiqa
Amerika harbiylari Singapur bayrog‘i ostida Hormuz bo‘g‘ozi orqali suzib ketayotgan savdo kemasiga Tehron tomonidan uyushtirilgan hujumga javoban Eronga zarbalar berdi. Bu haqda AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, zarbalar Eron raketalari va dronlar saqlanadigan joylarga, shuningdek, sohilbo‘yi radarlariga berilgan.
“Eron kuchlarining tijorat kemachiligiga qarshi asossiz agressiyasi o‘t ochishni to‘xtatish rejimini ochiqdan-ochiq buzdi. Bundan tashqari, Eronning xavfli xatti-harakatlari kemachilik erkinligiga putur yetkazdi, vaholanki, savdo-sotiq tobora ko‘proq ushbu hayotiy muhim xalqaro savdo yo‘lagi orqali amalga oshirilmoqda”, deyiladi Amerika qo‘mondonligi bayonotida.
“Axios” muxbiri Barak Ravid amerikalik mulozimga tayanib, AQSH Hormuz bo‘g‘ozi hududida zarbalar berayotganini xabar qildi.
Kecha, 26 iyun oqshomida AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalarga kamida to‘rtta dron uchirganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlardan biri “katta va juda qimmat yuk kemasi”ning yuqori palubasiga borib urilgan, kema shikastlangan, biroq o‘z yo‘lida davom etgan.
“Biz yana uchta dronni urib tushirdik. Bu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvimizning ochiqchasiga va ahmoqona buzilishidir”, deydi AQSH Prezidenti.
Bu AQSH va Eron o‘rtasida 18 iyun kuni 60 kun davomida barcha frontlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish va urushni butunlay tugatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin Hormuz bo‘g‘ozida kemaga qilingan birinchi ma’lum hujum bo‘ldi.
Live
Barchasi