Eronga kuchli zarba berildi. Hamma ham bunga chidolmaydi — Tramp
Tahlil
−
12 iyun 3970 6 daqiqa
AQSH Eronga yangi zarbalar berdi. Uch kun oldin Isroilga Eronga hujum qilishdan tiyilishni maslahat bergan AQSH prezidenti Donald Trampning ko‘rsatmasiga binoan, AQSH Markaziy qo‘mondonligi 10 iyun kuni kechqurun Erondagi nishonlarga qarshi hujumlar qayta boshlanganini ma’lum qildi. Harbiy bayonotda ushbu hujumlar Eronning “asossiz va davom etayotgan tajovuziga” javob ekani ta’kidlangan. AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset esa, ushbu zarbalarning maqsadi urushni kengaytirish emas, balki kelishuvga erishish uchun sharoit yaratish ekanligini ta’kidladi. Eron esa, bunga javoban Fors ko‘rfazidagi ba’zi AQSH harbiy bazalariga, Livanning “Hizbulloh” harakati esa Isroilga hujum boshladi. Eron ham Hormuz bo‘g‘ozini yana qayta yopib qo‘ydi. AQSH Markaziy qo‘mondonligi Eron hududidagi nishonlarga 49 ta “Tomahawk” qanotli raketasi bilan zarba berilganini tasdiqladi. Tinchlik umidi paydo bo‘lgan bir paytda, nega yana qurollar ishga tushdi?
AQSH Eronga yangi zarbalar berdi
AQSH yana maydonga chiqdi. 10 iyun kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi Prezident Donald Trampning ko‘rsatmasiga binoan Erondagi bir nechta nishonlarga qarshi “o‘zini himoya qilish maqsadida qo‘shimcha zarbalar” berila boshlanganini ma’lum qildi. Harbiylar bayonotida ushbu hujumlar Eronning “asossiz va davom etayotgan tajovuziga” javob ekani ta’kidlangan. Qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya AQSH sharqiy sohili vaqti bilan soat 17:15 da boshlangan. AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset esa ushbu zarbalarning maqsadi urushni kengaytirish emas, balki kelishuvga erishish uchun sharoit yaratish ekanligini ta’kidladi.
“Prezident Tramp Eronga kuchli zarba berishimizni aytdi va biz buni amalga oshiramiz”, dedi Xegset.
Operatsiyaga 49 ta “Tomahawk” qanotli raketasi jalb etilgan bo‘lib, qiruvchi samolyotlar Eronning radar va havo mudofaa tizimlarini nishonga oldi. Hujumlar Eronning bir nechta viloyat va shaharlarini, jumladan Kish, Sirik, Minob, Bandar-Abbos va Isfahonni qamrab olgan. Tehron g‘arbidagi Karaj shahriga esa ikki marta zarba berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirik hududidagi suv omborlariga berilgan zarba natijasida aholi suv ta’minotidan uzilgan, biroq keyinchalik suv ta’minoti qayta tiklangan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakatning Jam shahri ustida AQSHning MQ-9 Reaper uchuvchisiz apparatini urib tushirganini ma’lum qildi.
Tramp muzokaralarda sezilarli siljish yo‘qligini va AQSHning Apache jangovar vertolyoti yo‘q qilinganidan so‘ng, Eronga qarshi bombardimonlarni qayta boshlash niyatida ekanligini ma’lum qilgan. Vertolyot 8 iyun kuni Ummon qirg‘oqlari yaqinida halokatga uchragan, uning ikki uchuvchisi qutqarib olingan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakatning “qat’iy pozitsiyasini” ma’lum qilib, AQSH tahdidlarini qoralagan.
Eron AQSH bazalariga zarba berdi, “Hizbulloh” esa Isroilga hujum boshladi
11 iyun kuni AQSH va Eron o‘rtasida joriy yilning aprel oyida erishilgan va dastlab ikki hafta davom etishi ko‘zda tutilgan sulh bitimi amalda o‘z kuchini yo‘qotdi.
Eron Quvayt, Iordaniya va Bahraynda joylashgan AQSH harbiy bazalariga raketa zarbalarini berdi. Shu bilan birga, Livanning “Hizbulloh” harakati ham Isroil hududiga hujum boshladi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining bayonotiga ko‘ra, Eron Quvaytdagi Ali as-Salom va Ahmad al-Jobir aviabazalarida joylashgan 18 ta nishonga hujum uyushtirdi. Iordaniyadagi “Al-Azraq” aviabazasiga 12 ta ballistik raketa uchirildi. IISK bayonotiga ko‘ra, ushbu hujum natijasida bazada joylashgan AQSHning F-15, F-16 va eng zamonaviy F-35 qiruvchi samolyotlarining katta qismi yo‘q qilingan. Shuningdek, Bahrayndagi AQSH Beshinchi floti ob’ektlari ham nishonga olindi. Iroq shimolidagi AQSHning “Xarir” bazasiga ham hujum qilingani haqida xabarlar mavjud. Ushbu voqealar fonida Quvayt o‘z havo hududini yopib, havo hujumidan mudofaa tizimlarini ishga tushirdi, Bahraynda esa havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi.
Eskalatsiyaning eng jiddiy oqibatlaridan biri Eronning Hormuz bo‘g‘ozini barcha kemalar uchun butunlay yopib qo‘yishi bo‘ldi. Harbiy qo‘mondonlik bayonotiga ko‘ra, bo‘g‘ozdan o‘tishga uringan har qanday kema hujumga uchraydi. Bu qaror AQSH zarbalaridan so‘ng xavfsizlik vaziyatining o‘zgarganligi bilan izohlangan. Ko‘p o‘tmay, Eron davlat telekanali harbiylar ikkita kemaga o‘t ochganini ma’lum qildi.
Biroq, AQSH Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq yopilgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. AQSH qo‘mondonligiga ko‘ra, savdo kemalari hozir ham Hormuz bo‘g‘oziga kirib-chiqishda davom etmoqda.
Bu e’lon jahon bozorida neft narxining 2 foizga ko‘tarilib, bir barreli 95 dollarga yetishiga sabab bo‘ldi. Yamandagi husiylar ham AQSHning Eronga hujumlari global ta’minot zanjiri va energiya bozorlariga jiddiy zarar yetkazishi haqida ogohlantirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil hozirgi kunda Eron hududiga qilingan hujumlar bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Isroil so‘nggi kunlarda turli manbalar tomonidan xabar qilingan hujumlarni tashkil etish va amalga oshirishda ishtirok etmagan. Bu bayonot Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib, tomonlar o‘rtasida ayblovlar almashinuvi davom etayotgan bir paytda e’lon qilindi. Trampning bu gaplari Eron hududidagi so‘nggi voqealarda Isroilning ehtimoliy roli haqidagi savollarga aniqlik kiritishga urinish sifatida baholanishi mumkin.
Isroil rasmiylari hozircha AQSH Prezidentining bu bayonotiga izoh bergani yo‘q. Shuningdek, Isroilning ushbu hujumlarga aloqadorligini tasdiqlovchi rasmiy ma’lumotlar ham mavjud emas.
Tramp Eronga zarba berishni bekor qildi
Tramp 11 iyun kuni Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron hududiga rejalashtirilgan harbiy zarbalar amalga oshirilmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bilan yuqori darajadagi muzokaralarda muhim kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Shu sababli Eronga qarshi rejalashtirilgan harbiy zarbalar va bombardimonlar bekor qilindi.
Trampning aytishicha, AQSH, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Misr va boshqa davlatlar kelishuvning asosiy bandlarini ma’qullagan. Biroq, yakuniy kelishuv imzolanmaguncha dengiz blokadasi saqlanib qoladi.
Eron rasmiylari Vashington bilan kelishuv bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmaganini ma’lum qilmoqda. Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiyning ta’kidlashicha, mamlakat hozircha kelishuv masalasida yakuniy qarorga kelmagan.
Tramp jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eron urushini tugatish bo‘yicha kelishuvga yaqin ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv hujjatlarini imzolash jarayoni yaqin kunlarda amalga oshirilishi kutilmoqda. Trampning aytishicha, Eronning oliy rahbari taklif etilayotgan kelishuvni ma’qullagan. Biroq Trampning bu gaplari haqiqatga qanchalik yaqin ekani hali noma’lum.
Jurnalistlardan biri Trampga avval ham Eron va AQSH kelishuvga yaqinlashgani haqida bayonotlar berganini, biroq ular amalda natija bermaganini eslatib, nima uchun bu safar vaziyat boshqacha ekanligini so‘radi. Bunga javoban Tramp Eron juda og‘ir zarbalarga duch kelganini, bunday bosimga kam davlat bardosh bera olishini va shu sababli Tehron kelishuvga Vashingtondan ham ko‘proq qiziqish bildirayotganini ta’kidladi. Biroq, Tramp Eron kelishuvi masalasida bundan oldin ham juda ko‘p ta’kidlar qilgan. CNN hisob-kitoblariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 28 fevralida urush boshlanganidan beri 39-marta Eron bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga “ikki-uch kun ichida” erishish mumkinligini ma’lum qildi. Xulosa qilib aytganda, Tramp bu safar ham kelishuv yaqinligini ta’kidlamoqda. Biroq, avvalgi ko‘plab va’dalar hali natija bermagani sababli, yakuniy xulosani faqat imzolar qo‘yilganidan so‘ng chiqarish mumkin.
Live
Barchasi