AQSH va Eron o‘zaro eng yirik dengiz zarbalarini amalga oshirdi
Olam
−
09:33 3103 3 daqiqa
Kecha, 9 sentyabr kuni Eron va AQSH o‘rtasidagi olti oylik urush boshlanganidan buyon dengizdagi kemalarga qarshi eng yirik hujumlar to‘lqini qayd etildi. Eron 10 ta kemani nishonga olganini bildirgan bo‘lsa, AQSH harbiylari 5 ta Eron neft tankerini yo‘q qilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kemalarga qilingan hujumlar oqibatida kamida bir dengizchi halok bo‘lgan, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan. Hodisalar tomonlar o‘rtasida bir oy davom etgan nisbiy sokinlikdan keyin sodir bo‘ldi. Bu davrda AQSH Eronga asosan iqtisodiy bosim o‘tkazishga uringan.
Eron Isroil tomonidan emas, balki Iordaniya hududidagi AQSH harbiy bazasiga ballistik raketalar bilan zarba berganini ma’lum qilgan. Iordaniya 18 ta raketani ushlab qolganini, yana ikkitasi aholi yashamaydigan hududlarga zarar yetkazmasdan tushganini bildirgan. AQSH rasmiysi esa barcha amerikalik harbiylar sog‘-salomat ekanini aytgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi keyingi hujumlarga javob yanada keskin bo‘lishini bildirgan. Qo‘riqchilar, shuningdek, dengizdagi taqiqlangan yangi hudud xaritasi yaqin orada e’lon qilinishini, mazkur zona Pokiston chegarasi yaqinidagi Chobahorgacha cho‘zilishini ma’lum qilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Tehronni noyabr oyidagi AQSH Kongressi saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblagan.
“Menimcha, urush saylovdan keyin darhol tugaydi, chunki ular bundan ortiq chiday olmaydi. Ular saylovga ta’sir o‘tkazishga umidsizlarcha urinmoqda”, degan Tramp jurnalistlarga.
Shu bilan birga, “The Wall Street Journal” AQSH Prezidentining yuqori martabali maslahatchilari, jumladan vitse-prezident Jey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio Trampni urush uning prezidentlik muddati 2029 yil yanvarda tugaguniga qadar davom etishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida xabar bergan. “Reuters” ushbu ma’lumotni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan.
AQSH 5 ta Eron tankerini yo‘q qilgan
AQSH harbiylari bir kechada Eronga tegishli 5 ta neft tankerini yo‘q qilganini ma’lum qilgan va kemalar yong‘in ichida qolgani aks etgan videolarni e’lon qilgan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi bu hujumlarni Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSH harbiy kemasiga ikki marta ballistik raketa bilan zarba berishga uringaniga javob sifatida amalga oshirilganini bildirgan. AQSH ma’lumotlariga ko‘ra, hodisalarda amerikaliklar jabrlanmagan.
Vashington harbiy kemalariga tahdid soluvchi hujumlarga javoban Eron tankerlarini nishonga olish siyosatini e’lon qilgan. AQSH bir hafta davomida jami 10 ta tankerga zarba berilganini bildirgan.
Davlat kotibi Marko Rubio Eron AQSH harbiy kemalariga hujum qilishda davom etsa, har bir bunday harakat uchun tankerlardan ayrilishini aytgan. Eron esa javoban 2 AQSH kemasi va 8 ta tankerga hujum qilinganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Dubay yaqinida turgan Hercules Star neft mahsulotlari tashuvchi tankerdagi hodisa oqibatida bir dengizchi halok bo‘lgan, yana bir ekipaj a’zosi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda kema charterchisi Peninsula ma’lum qilgan.
Britaniyaning dengiz xavfsizligi agentligi UKMTO esa hududdagi 1 kema snaryad zarbasidan keyin yonboshlab qolgani haqida ma’lumot olganini bildirgan. Iroq port rasmiylarining aytishicha, 2 million barrel mazut tashiyotgan New Andros tankeri Iroq hududida dron zarbasidan keyin yong‘in bilan qoplangan. Kema bortidagi 22 nafar ekipaj a’zosidan hech biri jabrlanmagan.
UKMTO, shuningdek, Fors ko‘rfazi va Ummon ko‘rfazining Hormuz bo‘g‘oziga yaqin qismida bir nechta savdo kemasiga zarar yetkazuvchi o‘t ochilgani haqida xabarlar kelib tushganini bildirgan.
Manbaga ko‘ra, hujumlar oqibatida neft narxi keskin oshgan. Brent markali neft narxi 9 sentyabr kuni barreli uchun 100 dollardan oshib, iyul oyidan buyon birinchi marta ushbu ko‘rsatkichga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoniga Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tomonidan uyushtirilgan hujumlar oqibatida kamida 73 kishi jarohatlangandi.
Live
Barchasi