“So‘qoq somsasi” ham patentlandi
Jamiyat
−
17 iyun 6349 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Parkent tumaniga qarashli So‘qoq qishlog‘iga xos bo‘lgan milliy taom – “So‘qoq somsasi” O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur mahsulot o‘zining o‘ziga xos tabiiy masalliqlari, xususan, faqat So‘qoq tog‘larida o‘sadigan xalq orasida “mador” nomi bilan tanilgan o‘simlik yoki ismaloqdan tayyorlanishi, shuningdek, betakror ta’mi va xamirining o‘ziga xos usulda tayyorlanishi bilan ajralib turadi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi “So‘qoq somsasi”ning aynan So‘qoq hududiga mansubligini belgilab, uning sifati, tarixiy ildizlari va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan muhofaza qiladi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – bu mahsulotning ma’lum hududga xosligi va uning sifati, mashhurligi yoki boshqa belgilari o‘sha hududning tabiiy, insoniy va tarixiy omillariga chambarchas bog‘liq bo‘lganini ifodalovchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 24 avgust kuni “G‘ijduvon shashlik”, 2024 yil 8 yanvar kuni esa “G‘uzor tandir go‘shti”, joriy yil 4 fevral kuni dunyoga mashhur “Samarqand noni” va iyun oyida “Xorazm tuxumbaragi” hamda “Andijon do‘ppisi” geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Live
Barchasi