Suiqasdlar, mojarolar va urush: Zelenskiy to‘rt yillik sinovdan qanday omon qoldi?
Olam
−
20 fevral 647 2 daqiqa
2022 yil fevralida Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirgan paytda Vladimir Zelenskiy mamlakatni tark etgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Kiyev o‘qqa tutilayotgan bir vaqtda u prezidentlik binosi oldida turib, “Biz shu yerdamiz”, deya bayonot bergan edi. Bu chiqish uning ramziy qarshilik timsoliga aylanishiga turtki bo‘ldi. Bu haqda CNN yozmoqda.
Manbalarga ko‘ra, Kremlning dastlabki rejalarida Zelenskiyni qo‘lga olish yoki yo‘q qilish ko‘zda tutilgan edi, hatto Rossiya agentlari Prezident devoni yaqinida kvartiralar ijaraga olgani aytiladi. Urush boshidan buyon u o‘nlab suiqasd urinishlaridan omon qolgani ta’kidlanadi.

Urush to‘rtinchi yiliga kirar ekan, Zelenskiy nafaqat tashqi bosim, balki ichki siyosiy inqirozlar bilan ham yuzlashdi. Korrupsiya mojarolari uning yaqin safdoshlari va vazirlarini lavozimidan mahrum qilgan. 2024 yilda u mashhur bosh qo‘mondon Zalujniy Valeriyni ishdan oldi, ayrimlar buni siyosiy raqibni chetlatish sifatida baholadi.
Ukraina dastlabki bosqichda Kiyevni himoya qilib, keyinroq ayrim hududlarni qaytarib olgan. Biroq 2023 yilgi qarshi hujum kutilgan natijani bermagan. 2024 yil avgustida Kursk viloyatiga kutilmagan reyd qisqa muddatli ruhiy ko‘tarinkilik bergan, ammo front chizig‘idagi turg‘unlik saqlanib qolgan.
Shu orada Zelenskiy G‘arb yordamiga tayanishga majbur bo‘la boshladi. Yevropa davlatlari, jumladan, Germaniya dastlab ikkilanib turgan bo‘lsada, keyinchalik Kiyevni qurol bilan qo‘llab-quvvatlagan. AQSH bilan munosabatlar esa murakkablashgan. Ayniqsa, Tramp bilan Oq uydagi keskin uchrashuv Zelenskiyni xalqaro maydonda og‘ir vaziyatga solgan bo‘lsa-da, ichkarida uning reytingini oshirgan.

Zelenskiy siyosatga kelguniga qadar shou-biznesda tanilgan edi. “Servant of People – Xalq odami” serialida oddiy o‘qituvchidan Prezidentga aylangan qahramonni ijro etgan aktyor 2019 yilda haqiqiy saylovda g‘alaba qozongan. Uning kommunikatsiya mahorati, qisqa videomurojaatlari urush davrida muhim rol o‘ynagan.

So‘rovlar natijalariga ko‘ra, u hanuz ukrainaliklarning yarmidan ko‘pi ishonchini saqlab qolgan. Biroq urush cho‘zilgani sari siyosiy kelajagi noaniq bo‘lib bormoqda. Saylov o‘tkazish masalasi jamiyatda bahsli. Aksariyat fuqarolar urush tugamaguncha ovoz berishga qarshi.
Zelenskiyning rafiqasi Olena Zelenska urush oilaviy hayotga og‘ir zarba berganini tan oladi. Prezidentning o‘zi esa tong sahardan front hisobotlarini qabul qilib, deyarli tinimsiz ishlaydi.

Umuman olganda, to‘rt yillik urush, suiqasd tahdidlari va siyosiy bo‘ronlarga qaramay, Zelenskiy hokimiyatda qolmoqda. Shunga qaramay, Kreml bosimi, frontdagi turg‘unlik va murakkab diplomatik muzokaralar fonida uning oldidagi sinovlar hali yakunlangani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Jenevada Rossiya delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan ikki kunlik muzokaralar natijalarini yetarli emas deb baholagan edi.
Live
Barchasi