Sudlanganlikning olib tashlangani to‘g‘risidagi ma’lumotni olish soddalashadi
Jamiyat
−
23 mart 2023
7960Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab O‘zbekistonda sudlanganlik muddatining tugallanishi va uni olib tashlash yo‘nalishida byurokratiya va sansalorlik holatlariga chek qo‘yish, shuningdek, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish maqsadida sohaga proaktiv shakldagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tamoyillari joriy etiladi. Bu haqda bugun, 23 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda sohada korrupsion omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorda keltirilgan.
Unga ko‘ra, sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor ma’lumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi.
Shuningdek, tegishli ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan o‘sha shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.
Mazkur band ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq barcha zarur choralarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy sud, Bosh prokuratura va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar ta’minlashi belgilangan.
Bundan tashqari,“Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimida quyidagi ma’lumotlar:
Oliy sud va Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali sudda ixtiyoriy to‘langan jarimalar, sud qarorlarini ijro etishda yuzaga keladigan masalalarni hal etish bilan bog‘liq materiallarning ko‘rilishi haqidagi ma’lumotlar;
Majburiy ijro byurosi va Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish orqali undirilgan jarimalar haqidagi ma’lumotlar;
“Probatsiya hisobi” elektron bazasi bilan “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini o‘zaro integratsiya qilish orqali probatsiya hisobidan ozod etilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda aks ettiriladi.
LiveBarchasi