Sudanda davlat to‘ntarishi: Bosh vazir va amaldorlar hibsga olindi

Olam

image

Sudan harbiylari o‘tish davri fuqarolik hukumati a’zolarini, jumladan, Bosh vazirni hibsga oldi va mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.

Sudan Suveren kengashi rahbari, general Abdul Fattoh al-Burhon telemurojaatida turli siyosatchilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik va zo‘ravonlikka chaqiriqlar tufayli harbiylar vaziyatga aralashishga majbur bo‘linganini aytgan. Namoyishchilar poytaxt Xartum ko‘chalariga chiqqan, otishma bo‘lgani haqida xabarlar bor. Uch nafar namoyishchi halok bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, ko‘p sonli namoyishchilar fuqarolik hukumatining qaytishini talab qilmoqda va namoyishlar boshqa shaharlarga, jumladan, Atbara, Vad-Medani va Port-Sudanga ham yoyilgan. Siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari ham noroziliklarga chaqirilgan, namoyishchilar soni ortishi kutilmoqda. 

“Fuqarolik hukumati qaytib kelmaguncha va hokimiyatni topshirish boshlanmaguncha ko‘chalarni tark etmaymiz”, degan namoyishchilardan biri Savsan Bashir. 

Harbiylarning va’dalari

Al-Burhon Sudan xalqaro kelishuvlarga sodiq qolishini va bir muncha vaqt o‘tgach, mamlakat fuqarolik boshqaruviga qaytishi mumkinligiga va’da bergan, bu 2023 yil iyuliga belgilangan saylovlardan keyin sodir bo‘lishi mumkin. 

Ta’kidlanishicha, kecha, 25 oktyabr kuni tongda harbiylar Bosh vazir Abdulla Hamduk va hukumat a’zolarining ko‘pini hibsga olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hamduk uy qamog‘iga olingan. U harbiylarning harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi bayonot berishdan bosh tortgani aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, armiya nafaqat vazirlarni, balki hukmron kengashning bir fuqarosi, bir necha shtat gubernatorlari va siyosiy partiyalar yetakchilarini ham hibsga olgan. 

Hamduk tarafdorlari nazorati ostida qolayotgan Sudan Axborot vazirligi hodisani harbiy to‘ntarish deb atagan va qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan. Uy qamog‘iga olingan Bosh vazirning o‘zi ham inqilobni tinch yo‘l bilan himoya qilish uchun odamlar ko‘chaga chiqishi kerakligini aytgan. 

“Biz demokratiyani oxirigacha himoya qilamiz”, degan namoyishchilardan biri, 21 yoshli Ahmad.

“Burhon bizni alday olmaydi. Bu harbiy to‘ntarish”, degan yana bir namoyishchi. 

Axborot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylar tomonidan hokimiyatni egallab olinishiga qarshi namoyishlarda o‘n minglab odamlar qatnashgan. Sudan poytaxti Xartumdagi armiya rahbariyati joylashgan bino yaqinida otishma ovozlari eshitilgan. Shifokorlarning xabar berishicha, to‘qnashuvlar davomida kamida 12 kishi jarohatlangan, boshqa tafsilotlar hozircha noma’lum. 

Guvohlarning aytishicha, harbiy va harbiylashtirilgan kuchlar Xartumga tinch aholi harakatini cheklash uchun joylashtirilgan. Ularning qo‘shimcha qilishicha, poytaxtda internet ham ishlamayapti, shuning uchun Sudanda nima bo‘layotgani haqida ma’lumot olish qiyin bo‘lmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, harbiylar Omdurman shahridagi asosiy teleradio markaziga bostirib kirib, bir qancha xodimlarni hibsga olgan. Shuningdek, poytaxt aeroporti yopilgan, unga yaqinlashish harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yilgan, xalqaro reyslar to‘xtatilgan. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari Sudandagi harbiy to‘ntarish haqidagi xabarlardan chuqur xavotirda ekanini ma’lum qilgan. AQSHning Afrika bo‘yicha maxsus vakili Jeffri Feltman hokimiyatning harbiylar tomonidan qo‘lga olinishi mutlaqo nomaqbul bo‘lishini va Amerikaning Sudanga insonparvarlik yordamini xavf ostiga qo‘yishini aytgan. 

Shuningdek, Arab davlatlari ligasi Sudandagi voqealardan xavotir bildirgan. Liga bosh kotibi Ahmad Abul Gayt Sudanda tomonlarni imzolangan o‘tish davri kelishuvlariga rioya qilishga chaqirgan. Sudan — Arab davlatlari ligasining a’zosi. 

Sudandagi inqiroz 

Harbiylar va fuqarolik o‘tish davri hukumati o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda armiya Sudan hukumatini hibsga oldi. Ular Prezident Umar al-Bashir 2019 yilda bir necha oylik ko‘cha namoyishlarida hokimiyatdan chetlatilganidan keyin mamlakatni birgalikda boshqargan.

Bashir korrupsiya, sovg‘alarni noqonuniy qabul qilish va chet el valyutasini saqlash ayblovlari bilan ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning iste’fosidan keyin kelishilgan siyosiy o‘zgarish natijasida 2023 yil oxirida saylov bo‘lib o‘tishi kerak edi. 

Inqiroz sentyabr oyida al-Bashir tarafdorlariga tegishli davlat to‘ntarishiga urinish bilan avj oldi. Oktyabr oyida demokratik kuchlarning muxoliflari Xartum ko‘chalariga chiqib, armiyani mamlakatni o‘z nazoratiga olishni talab qildi va o‘tgan payshanba kuni poytaxtda o‘n minglab odamlar tinch o‘tish davri hukumatini qo‘llab-quvvatlashlarini namoyish etdi. 

So‘nggi oylarda Sudan iqtisodi qiyin ahvolda qoldi va muvaqqat hukumatni qo‘llab-quvvatlash keskin kamaydi. 

Bu yil ommaviy axborot vositalari Sudan o‘z hududida al-Bashir hukmronligi davrida tuzilgan Rossiya harbiy-dengiz bazasini joylashtirish to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilgani haqida xabar tarqatdi. Moskva bu masala hal qilinmaganini va bitimni ratifikatsiya qilishdan bosh tortish haqidagi bayonotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Sudan inqilob

Baholaganlar

64

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing