Sudan Rossiya harbiy-dengiz bazasini joylashtirishdan bosh tortdi
Olam
−
19 dekabr
3734Rossiya o‘z harbiy-dengiz bazasini Qizil dengiz sohilida Sudanda joylashtirish urinishlaridan voz kechmayapti, biroq bu maqsadga hali erisha olmadi. Bu haqda kecha, 18 dekabr kuni “The Moscow Times” xabar berdi.
Nashrning Sudan razvedkasi xodimiga tayanib yozishicha, Rossiya harbiy-dengiz bazasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun mahalliy hokimiyatga zamonaviy S-400 zenit-raketa majmuasini taklif qilgan. Biroq, bu taklif Sudan tomonidan AQSH va boshqa G‘arb davlatlarining salbiy munosabatiga sabab bo‘lishidan qo‘rqib, rad etilgan. Sudan razvedkachisining so‘zlarini amerikalik ikki amaldor ham tasdiqlagan.
Yangi harbiy-dengiz bazasini qo‘lga kiritish Rossiya uchun Suriyadagi so‘nggi voqealar nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etmoqda, bu yerda hukmdor Bashar Asadning ag‘darilishi tufayli u bunday bazadan mahrum bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, fuqarolar urushi olib borayotgan, hukumati Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Sudan (yaqingacha Suriyada bo‘lgani kabi) hali Moskvaning xohish-istaklarini qondirmagan.
Biroq, nashrning qayd etishicha, mamlakatlar o‘rtasida Rossiya qurollari va neft mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzilgan. Xususan, yetti oylik tanaffusdan so‘ng yoqilg‘i yetkazib berish qayta tiklandi: apreldan oktyabrgacha Rossiya Sudanga 2,8 million barrel dizel va benzin eksport qildi, bu Sudan importining deyarli yarmini tashkil etdi.
Port-Sudanda Rossiya harbiy-dengiz floti bazasini qurish masalasi 2019 yilda muhokama qilingan va davlatlar bu borada kelishuvga erishgan edi. Ammo mamlakatda fuqarolar urushi boshlanganidan keyin u hech qachon ratifikatsiya qilinmagan. “The Moscow Times” ta’kidlaganidek, dastlab Rossiya “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi qo‘li orqali isyonchilar harakatiga yordam bergan, ammo keyinchalik hukumat qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlay boshlagan. 2024 yil fevral oyida Rossiyaning Sudandagi elchisi Andrey Chernovol baza qurilishi noma’lum muddatga qoldirilganini aytdi.
“Rossiyaga pul va Qizil dengizda harbiy-dengiz bazasi kerak, armiya bilan ittifoq esa ularga qurol sotish va Port-Sudanda ob’ektga ega bo‘lish imkoniyatini anglatadi”, degan Conflict Observatory tadqiqotchisi Jastin Linch.
Harbiy ekspert Viktor Muraxovskiyga ko‘ra, sobiq SSSR davridan beri Afrikada birinchi harbiy-dengiz bazasini joylashtirish orqali Rossiya Suvaysh kanalidan o‘tadigan yo‘nalishni nazorat qilishi va postsovet davrida yo‘qotilgan Hind okeanida doimiy mavjudligini ta’minlay oladi.
Rossiya harbiy-dengiz kuchlari uchun Sudan hududida logistika markazini yaratish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi kelishuv 2020 yilda Afrika davlatining avvalgi hukumati davrida tuzilgan. Unga ko‘ra, harbiy-dengiz stansiyasi xodimlarining maksimal soni 300 kishidan oshmaydi. Sudan hududida bir vaqtning o‘zida to‘rttadan ortiq Rossiya kemasi bo‘lmasligi kerak.
Buning evaziga Rossiya Sudanga qurol va harbiy texnika yetkazib berishni boshlaydi. Shartnoma 25 yil muddatga tuzilgan. Biroq shartnoma haligacha ratifikatsiya qilinmagan.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda Sudanda harbiy to‘ntarish bo‘lib o‘tgan va mamlakat prezidenti Umar al-Bashir hokimiyatdan ag‘darilgan. Mamlakatda o‘tish davri Suveren Kengashi tuzildi, uning tarkibiga armiya vakillari va Tezkor reaksiya kuchlarining harbiylashtirilgan tuzilmasi kiritildi.
2021 yilning bahorida Sudan hukumati Rossiya bilan kelishuvni parlament, Suveren Kengash yoki mamlakat hukumati tasdiqlamaguncha to‘xtatib qo‘ydi. Oradan olti oy o‘tib, Sudan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muhammad Sharif respublika qonun chiqaruvchi organlari shartnomani ratifikatsiya qilish uchun hali yetarli vakolatlarga ega emasligini aytdi.
2023 yilning fevralida “Associated Press” agentligi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tashrifidan so‘ng, Sudan hukumati Rossiya bilan kelishuvni qayta ko‘rib chiqqani va shundan beri hujjat ratifikatsiya qilinishini kutayotgani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sudan Tashqi ishlar vaziri Ali Sodiq Ali RIA Novosti'ga bergan intervyusida mamlakat parlamenti joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlardan so‘ng mamlakatda Rossiya harbiy-dengiz bazasini qurish bo‘yicha kelishuvni ko‘rib chiqishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi