Sud “Yovvoyi Arman”ning iltimosini rad etdi
Olam
−
26 noyabr 9081 2 daqiqa
Qozog‘istonning Olmaota sudi apellyatsiya komissiyasi “Yovvoyi Arman” nomi bilan tanilgan Arman Jumageldiyevga nisbatan ishni ko‘rib chiqdi. Bu haqda sud matbuot xizmati xabar berdi.
26 noyabr kuni birinchi instansiya hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi:
- Arman Jumageldiyev – 20 yil qamoq;
- Ruslana Isakova – 15 yil-u 6 oy qamoq;
- Qayrat Qudaybergen – 8 yil qamoq.
Arman Jumageldiyev 2025 yilning yanvarida sudlangan. U Jinoyat kodeksining 262-moddasi (jinoiy uyushmani tashkil etish va unga rahbarlik qilish) bo‘yicha 9 yilga, 268-moddasi (banditizm) bo‘yicha 16 yilga va 272-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha 8 yilga, sodir etilgan jinoyatlar yig‘indisidan kelib chiqib, jazoni qisman qo‘shib, yakunda 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
U 2022 yilning yanvarida Olmaotada ommaviy tartibsizliklar chog‘ida hibsga olingan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat boshlig‘i ularda faol ishtirok etgan, xususan, tasodifiy odamlarni o‘g‘irlashni tashkil qilgan. Bosh prokuror Berik Asilovning ta’kidlashicha, “Yovvoyi Arman” Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan nazorat qilingan, u hokimiyatga ultimatum qo‘yishda olomonga boshchilik qilishi kerak edi.
Ichki ishlar vazirligi ham Bosh prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus operatsiyalar haqida ma’lum qilgan. “Yovvoyi Arman” va Olmaota shahar kengashining sobiq deputati Qayrat Qudaybergen ishi bo‘yicha sud jarayoni 2023 yilning sentyabrida boshlangan. Shuningdek, Bosh prokuratura yanvar voqealari ishi doirasida hibsga olingan Qayrat Qudaybergen va “Yovvoyi Arman” amnistiya ostiga tushmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Yovvoyi Arman” nomi bilan tanilgan Arman Jumageldiyev ishining apellyatsiya jarayoni boshlangandi.
Live
Barchasi