“Yovvoyi Arman” yanvar voqealarida qatnashishda ayblanib, 20 yilga qamaldi

Olam

image

“Yovvoyi Arman” nomi bilan tanilgan Arman Jumageldiyev 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar sodir etganlikda ayblanib, 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Sputnik Qazaqstan” xabar berdi.

Qayd etilishicha, u ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish va uyushtirish, odam o‘g‘irlash va noqonuniy qamoqqa olishda aybdor deb topilgan.

“Sodir etilgan jinoyatlar yig‘indisidan kelib chiqib, jazoni qisman qo‘shib, yakunda Jumageldiyev Armanga 20 yil qamoq jazosi tayinlansin”, deyiladi hukmda.

Shuningdek, Armanga 10 yil davomida ijtimoiy-siyosiy va jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlangan. Qayd etilishicha, u bilan birgalikda 43 kishi ham jinoyatda aybdor sifatida qamoqqa olingan.  

Xususan, sud Milliy xavfsizlik qo‘mitasining 5-bo‘limi sobiq boshlig‘i Ruslan Isqoqovni uyushgan jinoiy guruh tuzish, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, noqonuniy ozodlikdan mahrum etishda aybdor deb topib, 15 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Olmaota sobiq deputati G‘ayrat Xudoybergan ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda va noqonuniy qamaganlikda aybdor deb topilib, 8 yil qamoqqa hukm qilingan.

“Yovvoyi Arman” to‘dasi tarkibiga kirmagan boshqa tartibsizlik ishtirokchilariga nisbatan Jinoyat kodeksining 125- (o‘g‘irlash), 126- (noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish), 200-(avtomobilni qonunga xilof ravishda tortib olish), 272-(ommaviy tartibsizliklar) moddalari bilan sud qilingan.

Ularga nisbatan amnistiya to‘g‘risidagi qonun qo‘llanilgan. Unga ko‘ra, yanvar voqealarida og‘ir jinoyat sodir etgan ishtirokchilar uchun jazoni to‘rtdan uch qismga qisqartirish odat tusiga kirgan. Amnistiyani inobatga olgan holda tartibsizliklar ishtirokchilari o‘rtacha tartibli koloniyalarda 1 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yildan buyon ayblanuvchilarga nisbatan turli cheklovlar, jumladan, hibsga olish qo‘llanilganligi sababli, bugungi kunda “qisqa” jazo olganlar o‘talgan muddati tufayli jazodan ozod qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 2 yanvar kuni Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida suyultirilgan gaz narxi oshishiga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan va tezda butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Ijtimoiy va siyosiy masalalar ham birinchi o‘ringa chiqqan. 5 yanvarga o‘tar kechasi tinch namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi, Olmaotada hokimlik binolari, Prezident qarorgohi va boshqa hukumat binolari yoqib yuborildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va 6 yanvar kuni KXSHT qo‘shinlari Qozog‘istonga kirdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklar paytida 238 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari huquq-tartibot xodimlaridir. Olti kishi qiynoqlardan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek)ning uyushgan jinoiy guruhiga homiylik qilish va ko‘plab qizlarni zo‘rlashda gumonlangan shaxs qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Yovvoyi Arman Arman Jumageldiev yanvar' voqealari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing