Kriminal avtoritet “Yovvoyi Arman”ni hibsda ushlash muddati uzaytirildi
Olam
−
09 avgust 2023
12402“Yovvoyi Arman” nomi bilan mashhur Arman Jumageldiyev tergov izolyatorida yana bir oy, ya’ni 7 sentyabrgacha qoladi. Bu haqda Qozog‘istonning Olmaota shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.
“Olmaota ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudining 4 avgustdagi ma’lumotlariga ko‘ra, dastlabki tergov organining iltimosnomasi qanoatlantirilgan va Jumageldiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi materiallari bilan tanishish davrida hibsda saqlash muddatini bir oyga, ya’ni 2023 yil 7 sentyabrgacha uzaytirilgan”, deyiladi sud xabarida.
2022 yil yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, uning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida xabar berdi va yordam so‘rab Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tartibsizliklar paytida 238 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, tartibsizliklar vaqtida Arman Jumageldiyev va uning besh nafar sherigi Olmaotada qo‘lga olindi. Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Qozog‘istonda tartibsizliklar bo‘lgan kunlarda kriminal avtoritet Arman Jumageldiyev to‘dasining qurollangan a’zolari 24 kishini o‘g‘irlab ketishgan va hibsga olgan, ulardan biri halok bo‘lgan.
O‘tgan oyda Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari 2022 yilning yanvaridagi tartibsizliklarda ishtirok etgan uyushgan jinoiy guruhning 18 nafar a’zosini qo‘lga olgandi. Ularning rahbari janjallarda faol ishtirok etgan – “Yovvoyi Arman” nomi bilan tanilgan Arman Jumageldiyev edi.
LiveBarchasi