Sud “Yovvoyi Arman” ishini qayta ko‘rib chiqishni boshladi

Olam

image

Bugun, 14 oktyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida “Yovvoyi Arman” nomi bilan tanilgan Arman Jumageldiyev ishining apellyatsiya jarayoni boshlandi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.

“Olmaota sudi matbuot xizmati tinglovlar boshlanganini tasdiqladi, sud majlisi esa yopiq tarzda o‘tayotgani qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida sud Jumageldiyevni bir nechta moddalar bo‘yicha aybdor deb topgan. Xususan, Jinoyat kodeksining 262-moddasi (jinoiy uyushmani tashkil etish va unga rahbarlik qilish) bo‘yicha 9 yilga, 268-moddasi (banditizm) bo‘yicha 16 yilga va 272-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha 8 yilga, sodir etilgan jinoyatlar yig‘indisidan kelib chiqib, jazoni qisman qo‘shib, yakunda 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jazo choralarining yig‘indisi bo‘yicha “Yovvoyi Arman” 20 yilga ozodlikdan mahrum qilinib, jamoat-siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan ham mahrum etilgan. Shuningdek, Jumageldiyev bilan birga sobiq deputat va tadbirkor Qayrat Qudaybergen hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasining 5-bo‘lim sobiq rahbari Ruslan Isqaqov ham sudlangan.

“Yovvoyi Arman” ishi

Arman Jumageldiyevning qo‘lga olingani 2022 yil 7 yanvar kuni Olmaotadagi tartibsizliklar vaqtida ma’lum bo‘lgan. 11 yanvar kuni esa u rasmiy ravishda hibsga olingan. 2023 yil boshida Qozog‘iston Bosh prokurori Berik Asilov yanvar voqealari bo‘yicha yangi tafsilotlarni e’lon qilib, “Yovvoyi Arman”ning harakatlari Olmaotada qanday muvofiqlashtirilgani va unga kimlar yordam berganini bayon qilgan.

“Surishtiruvga ko‘ra, Olmaotada alohida rol Jumageldiyevga (ya’ni, “Yovvoyi Arman”ga) berilgan. Aniqlanishicha, u Milliy xavfsizlik qo‘mitasi kuratori bilan muvofiqlikda harakat qilgan. Uning vazifasi tartibsizliklarni uyushtirish, olomonni nazorat ostiga olish va hokimiyatga yakdil talablar qo‘yuvchi “xalq kengashi”ni tuzish bo‘lgan”, degan o‘shanda Bosh prokuror.

Ichki ishlar vazirligi ham Bosh prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus operatsiyalar haqida ma’lum qilgan. “Yovvoyi Arman” va Olmaota shahar kengashining sobiq deputati Qayrat Qudaybergen ishi bo‘yicha sud jarayoni 2023 yilning sentyabrida boshlangan. Shuningdek, Bosh prokuratura yanvar voqealari ishi doirasida hibsga olingan Qayrat Qudaybergen va “Yovvoyi Arman” amnistiya ostiga tushmasligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yovvoyi Arman Arman Jumageldiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing