Sudya va ularning oila a’zolari mol-mulki deklaratsiya qilinishi mumkin
Jamiyat
−
12 fevral 1576 3 daqiqa
O‘zbekistonda sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishishi chog‘ida taklif berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida kengash raisi odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari bo‘yicha axborot taqdim etishi belgilangan.
Davlat rahbarining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarga xiyonat hisoblanishi ta’kidlanib, mamlakatda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilda “favqulodda holat” e’lon qilingan edi.
Shu sababli, sudlar davlat hokimiyatining alohida bo‘g‘ini sifatida “korrupsiyadan xoli” tizimga aylanishida namuna bo‘lishi lozim.
Sud mustaqilligini ta’minlash, sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi bevosita mas’ul hisoblanadi. 2025 yilda alohida farmon qabul qilinib, unga yangi vakolatlar berilgan. Sud tizimi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida kengash huzurida Odil sudlov akademiyasi tashkil etilgan.
Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘tgan yilda 135 nafar nomzod ilk bor sudyalik lavozimiga, 286 nafar sudya lavozimga qayta tayinlangan, 241 nafardan iborat tergov sudyalari korpusi shakllantirilgan.
Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan, jumladan, sudyalik qasamyodini buzganligi hamda Sudyalar odobi kodeksi talablariga rioya etmaganligi uchun 19 nafar sudya lavozimidan ozod etilgan, 3 nafar sudya jinoiy javobgarlikka tortilgan, 58 nafar sudyaning lavozimlari pasaytirilgan. Sudyalik vakolati muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topilgan hamda 266 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan.
O‘tgan yilda sud faoliyatiga aralashganlik holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritilgan. Kengashning rasmiy veb-saytida sudya daxlsizligi buzilganligi yuzasidan tezkor xabar yuborish imkoni yaratilgan.
Sudyalar daxlsizligi va mustaqilligini ta’minlash doirasida hududiy sudlar raislari tomonidan chiqarilgan 6 mingdan ortiq buyruqlar o‘rganilib, 231 ta buyruqda 314 nafar sudyalarga nisbatan odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalar yuklatilgani aniqlangan hamda ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilgan.
Shu bois, sudyani o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etish maqsadida sud apparati xodimlari bilan ishlash, moddiy-texnik ta’minot va barcha tashkiliy ishlarga mas’ul bo‘ladigan “sud ma’murchiligi” institutini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganiladi.
Sudyalar mustaqilligi va daxlsizligini ta’minlash borasida Sudyalar intizomiy hay’atini tashkil etish orqali sudyaga nisbatan intizomiy jazo qo‘llashning xolis tartibini yaratish taklif qilingan.
Sudya va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan komplayens nazorat tizimini joriy etish, sud apparati xodimlarini ishga olishning ochiq tartibini yaratish kabi tashabbuslar ilgari surilgan.
Bundan tashqari, mamlakatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati doirasida sud tizimida ham gender tenglikni ta’minlash masalasi muhokama qilingan. Jumladan, yaqinlashib kelayotgan 10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash bo‘yicha rejalar belgilab olingan.
Prezident bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, sud hokimiyati mustaqilligi, sudyalar daxlsizligini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yo‘nalishidagi tizimli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish yuzasidan bir qator tavsiyalar bergan.
Live
Barchasi