$10 minggacha valyutani O‘zbekistondan deklaratsiyasiz olib chiqish mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

O‘zbekistondan deklaratsiyasiz olib chiqish mumkin bo‘lgan naqd pul miqdori 10 ming dollar etib belgilandi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 27 avgust kuni qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 174-sonli farmonida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, bojxona sohasini yanada isloh qilish, ayrim tartib-taomillarni soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Unga muvofiq, jismoniy shaxslar tomonidan respublikadan naqd valyutani olib chiqish me’yori 10 ming AQSH dollari ekvivalenti etib belgilanadi va bu miqdordan oshganda deklaratsiya to‘ldiriladi.

2027 yil dekabr oyiga qadar bu o‘zgarish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Buni amalga oshirishga Bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Adliya vazirligi mas’ul etib belgilandi.

Ma’lumot uchun, hozirda jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini mamlakatga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini mamlakatdan tashqariga olib chiqish 100 million so‘m ekvivalentdan ortiq bo‘lmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing