Prezident Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari samaradorligini oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 12 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilindi. Quyida ushbu qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

Ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etishni ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qo‘yish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarini amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining 2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya institutini joriy etish to‘g‘risidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifi qabul qilinsin:

sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish undiruvchining arizasi bo‘yicha o‘n besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga ijro ishi yuritishni to‘xtatib turish uchun asos hisoblanadi;

tomonlar o‘rtasida ijro predmetiga doir kelishuvga kelmaslik, shuningdek, tomonlardan birining mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishi yoki uni amalga oshirish muddatining tugashi ijro ishi yuritishni qaytadan tiklash uchun asos hisoblanadi. Bunda mediatsiya tartib-taomilini takroran amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

tomonlar o‘rtasida ijro ishining har qanday bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tugatadi;

mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayoniga davlat ijrochisi va davlatning boshqa organlari vakillarining aralashuvi taqiqlanadi.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2019 yil 1 iyundan boshlab:

ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi;

ijro harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining o‘z tashabbusiga ko‘ra ko‘pi bilan ikki marta kechiktiriladi;

ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlanganmutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlabo‘n besh ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur.

3. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi o‘rinlarda – Majburiy ijro byurosi) Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini(keyingi o‘rinlarda – Yagona elektron baza) yuritadi, unga tegishli ma’lumotlar bazasi tizimlari bilan integratsiya qilish yo‘li bilan quyidagilar kiritib boriladi:

ijro organlari yurituviga kelib tushgan barcha ijro hujjatlari;

ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan solingan va undirilgan ma’muriy jarimalar haqidagi ma’lumotlar;

b) ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolati bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar)ning qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida ixtiyoriy tartibda bajarilmagan ma’muriy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlari majburiy ijro etish uchun elektron hujjat ko‘rinishida avtomatik ravishda Majburiy ijro byurosining axborot tizimiga yuboriladi;

v) ijro hujjatlarida undiruvchi yoki qarzdorning elektron pochtasi yoki telefon (mobil) raqami (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ (mansabdor shaxs)ga taqdim etilgan bo‘lsa) haqidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi xabarnoma uning jo‘natilganligi va qabul qilinib olinganligi faktlarini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) ko‘rinishidayo‘llanadi;

g) Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani va Navoiy shahriMajburiy ijro byurosi bo‘limlarida tajriba sifatida ijro hujjatlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali davlat ijrochilari o‘rtasida avtomatlashtirilgan taqsimlash tartibi joriy etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2020 yil 1 martga qadar tajriba natijalariga ko‘ra mazkur amaliyotni Majburiy ijro byurosining boshqa bo‘linmalarida joriy etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.

4. Majburiy ijro byurosi 2019 yil 1 oktyabrdan o‘z rasmiy veb-saytida bepul asosda quyidagilarni nazarda tutuvchi ijro harakatlari amalga oshirilishining avtomatlashtirilgan monitoringi bo‘yicha davlat interaktiv xizmati ko‘rsatish tizimini joriy etsin:

har bir ijro hujjatiga ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlaydigan yagona identifikatsiya raqami (kodi)ni berish;

avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga ijro harakatlarini amalga oshirishning borishi va ijro ishi yuritishning barcha bosqichlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosi tomonidan ko‘rilayotgan choralar hamda bajarilayotgan ijro harakatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni doimiy kiritib borish;

Internet tarmog‘i orqali yagona identifikatsiya raqami (kodi)dan foydalangan holda undiruvchi va qarzdor tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishning borishini barcha bosqichlarda kuzatish, shuningdek, mavjud qarzni onlayn tarzda to‘lash va bir vaqtning o‘zida ijro hujjati talablarining bajarilganligini qayd etish imkoniyatini yaratish.

Belgilansinki, ijro harakatlari amalga oshirilishining avtomatlashtirilgan monitoringi bo‘yicha davlat interaktiv xizmati O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda – YAIDXP) orqali ham ko‘rsatiladi.

5. Majburiy ijro byurosi:

a) bir oy muddatda shartnoma-vositachilik asoslarida sotishga topshiriladigan mol-mulkni internet-do‘konlar orqali sotish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:

ijro ishi yuritish davomida xatlangan mol-mulkni sotishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3724-son qaroriga muvofiq Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan, tovarlar harakatini monitoring qilishning elektron tizimini joriy etgan va tovarlarni xaridorga yetkazib berish uchun zarur logistika imkoniyatlariga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish;

mol-mulkni mobil ilovalar va elektron to‘lov tizimlari orqali xarid qilish imkoniyatini yaratish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

undirish qaratilgan mol-mulk “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga qo‘yilgan paytdan boshlab sotilishigacha bo‘lgan harakatini monitoring qilish imkonini beruvchi mol-mulk hisobini yuritishning yagona elektron axborot tizimini;

“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida xarid qilingan mol-mulk uchun elektron, shu jumladan, xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalangan holda onlayn to‘lov qilish imkoniyatini joriy etsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ijro ishi yuritishda undiriladigan davlat bojlari, ma’muriy jarimalar va boshqa to‘lovlarni elektron to‘lov tizimlaridan foydalangan holda to‘lash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish uchun YAIDXPda alohida platformani yaratish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda Majburiy ijro byurosi xodimlarini operativ-qidiruv yo‘nalishida tayyorlash, qayta tayyorlash 
va malakasini oshirish bo‘yicha bepul asosda maxsus kurslar tashkil etish choralarini ko‘rsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:

a) uch oy muddatda sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish sohasidagi, shuningdek, ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash borasidagi protsessual normalarni tizimlashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining Ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;

b) uch oy muddatda:

Majburiy ijro byurosiga jismoniy va yuridik shaxslardan “ishonch telefoni” orqali, shuningdek, elektron tarzda kelib tushadigan murojaatlar o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli nazorat olib borishga qaratilgan dasturiy ta’minotni;

davlat ijrochilarining sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini majburiy ijro etishni ta’minlash bo‘yicha samaradorlik 
va natijadorlikning asosiy ko‘rsatkichlarini (KPI), shuningdek, ular faoliyatini baholash, xizmat bo‘yicha ko‘tarish, rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlik choralarini qo‘llashda ushbu ko‘rsatkichlarni qo‘llash tartibini;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasida tizimli ravishda davlat ijrochilarining malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqsin va joriy etsin;

v) manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda sud tomonidan ma’muriy jarimaga tortish holatlaridan tashqari, jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda u qolgan summani to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi ma’muriy jarimaga tortish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish haqidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

Bunda quyidagi holatlarda jarimaga tortish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilmasligi nazarda tutilsin:

ma’muriy jarimaga tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest keltirilganda;

ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida;

g) har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ijro ishini yuritish holati to‘g‘risida ma’lumot hamda soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritib borsin.

10. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Majburiy ijro byurosi va sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘lari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar va donor tashkilotlarning grantlari, texnik ko‘mak mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda 
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                       Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2019 yil 12 mart
 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston

Baholaganlar

5

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing