Sud Tramp bojlarini bekor qildi

Olam

image

Kecha, 29 avgust kuni AQSH Federal apellyatsiya sudi Prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan ko‘plab bojlarni bekor qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Sud qaroriga ko‘ra, “Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risida”gi qonun Tramp qo‘llagan bojlarni joriy etishga ruxsat bermaydi. Bundan ko‘rinadiki, Prezident qonundan noto‘g‘ri maqsadda foydalangan. Federal okrug apellyatsiya sudi ham quyi instansiya sudining Tramp bojlarini noqonuniy deb topgan qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

Sudga ko‘ra, Prezident joriy qilgan “mislsiz tariflar” Tramp vakolatlarini oshirib yuborganini ko‘rsatadi. Chunki soliq va bojlarni joriy etish huquqi AQSH Konstitutsiyasiga ko‘ra, Kongressga berilgan asosiy vakolatdir.

Shu bilan birga, bojlar hozircha kuchda qolmoqda. Chunki sud o‘z qarorini ijro etishni joriy yil oktyabrgacha kechiktirgan. Bu esa Tramp ma’muriyatiga Oliy sudga apellyatsiya kiritish imkonini beradi va bu qaror ham ishlamay turib bekor bo‘lishi mumkin. 

Donald Tramp 29 avgust kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlarda barcha bojlar kuchda ekani haqida eslatib o‘tgan. 

“Barcha bojlar kuchda! Agar bu bojlar qachondir bekor qilinsa, bu mamlakatimiz uchun to‘liq falokat bo‘ladi”, deya yozgan Oq uy rahbari. 

AQSH Moliya vaziri Skott Bessant ham bojlarni bekor qilish Tramp ma’muriyatini “xavfli muammoga” olib kelishi, mavjud muzokaralarga zarar yetkazishi va boshqa davlatlar tomonidan javob choralariga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. 

Xuddi shuningdek, AQSH Savdo vaziri Govard Lyutnik ham sud qarori Trampga qarshi qabul qilingani uchun AQSH manfaatlariga “zarar” keltirishini va Tramp e’lon qilgan bir qator savdo bitimlari, jumladan Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Yaponiya bilan imzolangan kelishuvlarni xavf ostiga qo‘yishini aytgan.

Biroq sud a’zolari ushbu qarorni Trampning prezidentlik vakolatlariga jiddiy cheklov sifatida baholagan. Ularga ko‘ra, Tramp o‘z vakolatlarini “cheksiz” deb hisoblagan bir paytda, sud qarori buni rad etib, Prezidentga chegarasini ko‘rsatib qo‘yadi. 

AQSH Bosh prokurori Pem Bondining bildirishicha, Tramp ma’muriyati ushbu qaror ustidan Oliy sudga apellyatsiya kiritadi.

Ish Federal apellyatsiya sudi kengaytirilgan tarkibida ko‘rib chiqilgan. Yetti sudya Tramp qaroriga qarshi chiqqan, to‘rt sudya esa qarshi fikr bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 avgust kunidan boshlab AQSH Hindistondan olib kiriladigan mahsulotlarga 50 foizlik boj joriy qilgandi. Bu bojlar Hindistonning Rossiya bilan savdo qilayotgani uchun joriy etilgan. Hindistonning o‘zi esa Trampning bojlarini qoralagan va ularga boj joriy qilayotganlarning o‘zi ham Rossiya bilan savdo aloqalarini uzmaganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp boj Skott Bessant

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing