Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasini berdi – Jorj Floydda koronavirus bo‘lgan
Olam
−
04 iyun 2020
9216Minnesota shtatining Minneapolis shahrida politsiya tomonidan ushlanganidan keyin vafot etgan afroamerikalik Jorj Floyd yangi koronavirusga (COVID-19) chalingani aniqlandi. Bu haqda kecha, 3 iyun kuni Xennepin okrugi (Minnesota shtati) sud-tibbiy ekspertiza byurosi hisobotida aytilgan.
"2020 yil 3 mayda COVID-19 uchun o‘tkazilgan test natijasi ijobiy chiqdi", deyilgan hisobotda. Ushbu hujjat okrugning bosh tibbiy tekshiruvchisi Endryu Beyker tomonidan imzolangan. U koronavirusni 46 yoshli Floydning o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar ro‘yxatiga kiritmagan.
Xennepin okrug sud-tibbiy byurosi 1 iyun kuni marhum tanasining yorilishi haqida qisqa hisobotni e’lon qildi. Floyd politsiya tomonidan ushlanganida yurak-o‘pka shoki (yurak urishi va nafas olish to‘xtashi) oqibatida vafot etgani aytildi. Amerikalikning jasadida sintetik opiat fentanil bilan zaharlanish va metamfetamin giyohvand moddasini iste’mol qilish izlari topilgan.
O‘z navbatida, Floydlar oilasi tomonidan yollangan mustaqil ekspertlar afroamerikalik bo‘g‘ilish tufayli vafot etganini aniqladi. Biroq ular qon aylanish muammolari, shuningdek, giyohvand moddalarni iste’mol qilish bu ish bilan bevosita bog‘liq emas va odamning o‘limiga sabab bo‘lmagan, deb ta’kidlashadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Minneapolis politsiyasi afro-amerikalik Jorj Floydni hibsga oldi. Qo‘lga olish paytida politsiyachi erkakning bo‘ynini tizzasi bilan bosib turadi. Floyd “men bo‘g‘ilyapman”, deb bir necha marta aytgan. Ammo huquq-tartibot idoralari xodimlari bunga e’tibor bermagan. Oqibatda, erkak reanimatsiyada vafot etgan. Bu AQSHda ommaviy norozilik va tartibsizliklarni keltirib chiqardi.
LiveBarchasi