Sud qarorini mensimagan vazir Amrillo Inoyatov jazoga tortilishi mumkin
Jamiyat
−
04 Oktabr 2023
38621Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov jazoga tortilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar Shayxontohur tuman bo‘limi vazirlikka xat yuborgan.
Xatda ko‘rsatilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 30.06.2022 yildagi 2-1003-2210/17152-sonli ijro varaqasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga Hakimov G‘olib Abdulloyevichni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali direktori (bosh shifokori) lavozimiga qaytarish majburiyati yuklatilgan bo‘lgan.
Biroq mazkur ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan bo‘lsa-da bir yil davomida amalga oshirilmagan.
“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining vazir o‘rinbosari A.Inoyatovning ( ayni paytda vazir lavozimida) 2022 yilning 3 sentyabrdagi 8k-26311-sonli xatida, mazkur qaror yuzasidan SSVning xati bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya shikoyati kiritilganligi ma’lum qilingan. Shundan so‘ng ijro harakatlari davom ettirilib, 2022 yilning 15, 23 avgust, 3 noyabr va 16 dekabr kunlari SSVga undiruvchini egallab kelgan lavozimiga ishga qaytarmayotganligi holatidan tushuntirish olish maqsadida borilgan vaqtida, vazir, vazir o‘rinbosari hamda kadr boshlig‘ini topishni imkoniyati bo‘lmaganligi sababli xolislar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan”, deyilgan MIB xatida.
Bundan tashqari, o‘tgan yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va shu yilning 12 yanvar kuni esa Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga xat bilan murojaat qilingan. Biroq SSV bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya shikoyatini kiritgan.
Bundan tashqari, Bosh prokuror tomonidan yuqorida qayd etilgan undiruvchini ishga tiklashda amaliy yordam berishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayevga ham (sobiq SSV vaziri) xat bilan murojaat qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 17.02.2023 yildagi ajrimiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 30.06.2022 yildagi hal qiluv qarori va Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 11.10.2022 yildagi ajrimi o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilgan. Shu bilan birga, undiruvchi G‘.Hakimovni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali direktori (bosh shifokori) lavozimiga zudlik bilan qaytarishni va buyruq nusxasini taqdim qilishini so‘rab, 19.04.2023 yilda takroriy eslatma xati yuborilgan”, deya qayd etilgan xatda.
Shu sababli mazkur ijro hujjati yuzasidan SSVga bir necha marta xat bilan, Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 12.01.2023 yilda ogoxlantirish xati bilan murojaat qilingan.
“Ijro hujjatini ijrosini ta’minlash maqsadida Byuroning markaziy mahkamasi bosh inspektori F.Hamdamov ishtirokida 07.05.2023-yil sanasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziriligiga borilib, vazirlik kadrlar bo‘limi xodimi O.Sultonov bilan uchrashganda G‘.Hakimov ishga tiklanmaganligi va ushbu sud qarori ijrosi SSV A.Inoyatovning vakolatida ekanligi, SSV A.Inoyatov hozirgi kunda xizmat safari bilan AQSH davlatiga ketganligi, uning vazifasini bajaruvchi sifatida o‘rinbosarlardan birortasi tayinlanmaganligi aniqlanib, bu to‘g‘risida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan”, deya tushuntirgan MIB.
Bundan tashqari ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali direktori (bosh shifokori} lavozimiga zudlik bilan qaytarishni va buyruq nusxasini taqdim qilishini so‘rab, rasmiy ogohlantirish xati yuborilgan. Shu bilan birgalikda, ijro hujjatini ijrosini ta’minlash maqsadida Byuroning Shayxontohur tuman bo‘lim boshlig‘i A.Zakirov ishtirokida 1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziriligiga borilib, yana mas’ullar bilan suhbatlashilgan. Ular esa SSV A.Inoyatov hozirgi kunda Toshkent viloyati, Toshkent tumanida ekanligini ma’lum qilgan va G‘.Hakimov hozirgacha ishga tiklanmaganligi va ushbu sud qarori ijrosi SSV A.Inoyatovning vakolatida ekanligi ma’lum qilingan. Byuro xodimlari tomonidan esa bu to‘g‘risida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Endilikda mazkur qaror ijrosini ta’minlamay kelgan mas’ul xodimlar jazoga tortiladi.
“Shunga ko‘ra, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 30.06.2022 yildagi 2-1003-2210/17152-sonli ijro varaqasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga Hakimov G‘olib Abdulloyevichni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali direktori (bosh shifokori) lavozimiga qaytarish majburiyatini yuklatish to‘g‘risidagi hujjat ijrosini shu kunga qadar bajarilmaganligi sababli mas’ul xodimlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 198-1-moddasiga asosan ma’muriy jarima qo‘llash uchun lavozim buyruqlari va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlaridan nusxalarni darhol taqdim qilishingizni so‘raymiz”, degan MIB.
Yuqorida qayd etilganidek, agar qaror ijrosini ta’minlash vazir Amrillo Inoyatov zimmasiga yuklangan bo‘lsa jazolanadiganlar orasida u ham bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 198-1-moddasiga ko‘ra, ijro hujjatining mazkur hujjatni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun davlat ijrochisi belgilagan muddatda qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmasligi fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi