Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiya masalasida murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha jamoatchilikka murojaat yo‘lladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Murojaatda qayd etilishicha, korrupsiya – mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi jiddiy tahdid hisoblanib, bu illatning oldini olish, uning har qanday ko‘rinishiga qarshi keskin va murosasiz kurashish maqsadida Yangi O‘zbekistonda turli byurokratik to‘siqlarga barham berilib, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezident o‘tgan yili Oliy Majlis va o‘zbek xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyani jamiyatda ishonch muhitini izdan chiqaradigan jiddiy tahdid deya ta’riflab, unga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilgan edi. Vazirning bildirishicha, mazkur strategik siyosatni amalga oshirish maqsadida Prezidentning 2026 yil 5 maydagi tegishli farmoniga muvofiq, vazirlik tuzilmasi qayta tashkil etilmoqda.

Shuningdek, sohada korrupsiyaviy risklarni erta aniqlash, ularga chek qo‘yish va byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishining oldini olish maqsadida shu yilning o‘tgan besh oyi davomida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali jami 979 ta holatda 514,9 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.

Bundan tashqari, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan “suyunchi” puli yoki kesarcha kesish amaliyoti uchun noqonuniy haq talab qilish holatlarining oldini olish maqsadida barcha tibbiyot tashkilotlari, jumladan, tug‘uruq komplekslarida “Sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Ochiqlik indeksida Sog‘liqni saqlash vazirligi 87,2 ball bilan 97 ta tashkilot orasida 60 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “sariq” darajadan “yashil” darajaga ko‘tarilgan.

“Ma’lumki, korrupsiya bor joyda odamlarning davlatga ishonchi yo‘qoladi. Ishonch yo‘q joyda esa na islohot samara beradi, na adolat qaror topadi”, deydi Odilov murojaatida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikda boshlangan kadrlarni yangilash siyosati doirasida kelgusida hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, umuman, barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab olish ko‘zda tutilgan. Bu borada aholidan kelib tushayotgan e’tiroz va shikoyatlar asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.

Qolaversa, 2026 yil 1 iyuldan boshlab “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyati “E-Komplaens” elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan samarali yechimlar ishlab chiqiladi.

Eldor Odilov o‘z murojaatida fuqarolardan tizim tashkilotlari, hududiy boshqarmalar, tibbiyot muassasalari yoki ularning mansabdor shaxslari va xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlari, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari, byurokratik to‘siqlar, noqonuniy to‘lovlar talab qilinishi yoki boshqa huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lsa, vazirlikning “1203” qisqa raqamli “Ishonch telefoni” yoki info@ssv.uz elektron pochta manzili orqali xabar berishini so‘ragan.

“Har bir murojaat belgilangan tartibda, tezkor ravishda ko‘rib chiqiladi. Murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi kafolatlanadi hamda aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi. Ishonamanki, birgalikda Yangi O‘zbekiston tibbiyotini korrupsiyadan xoli, adolatli va shaffof tizimga aylantiramiz”, degan Sog‘liqni saqlash vaziri.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati deyarli to‘liq tarkibda almashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, Asilbek Anvarovich Xudayarov Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti sho‘ba mudiri lavozimida ishlayotgan Eldor Odilov egallagandi.

Shuningdek, Prezidentning 5 may kuni imzolangan “Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi xodimlarning lavozimiga loyiqligi baholanishi belgilandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing