Sud 76 yoshli Depardeni jinsiy zo‘ravonlikda aybdor deb topdi

Madaniyat-san’at

image

Fransiyalik aktyor Jerar Deparde 2021 yilda suratga olingan filmda ikki ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda aybdor deb topildi. Bugun, 13 may kuni Parij sudi uni 18 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qildi.

Sud, shuningdek, Depardeni jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar reyestriga kiritishni va unga psixologik davolanishni buyurdi. Hukm 76 yoshli aktyorning yo‘qligida e’lon qilindi.

Sud shu tariqa prokurorning mart oyi oxirida Depardega 18 oy shartli qamoq jazosi va 20 ming yevro jarima, shuningdek, jabrlanuvchilarga tovon puli to‘lashni so‘ragan talabini qanoatlantirdi.

Bundan tashqari, sud uni ikki yilga saylanish huquqidan mahrum qilishi kerak, deya talab qildi ayblovchi.

Hukm e’lon qilingach, Depardening advokati hukm ustidan shikoyat qilish niyati borligini ma’lum qildi. Aktyor o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi.

Deparde ustidan sud jarayoni 24 mart kuni boshlangan. Sud majlisidan oldin aktyorning advokati Jeremi Assu barcha ayblovlarni rad etib, ularni yolg‘on deb atadi.

U, shuningdek, Deparde yurakni aylanib o‘tish operatsiyasini o‘tkazgani va qandli diabetdan aziyat chekayotganini aytdi. Sud tomonidan tayinlangan tibbiy ekspert Depardeni sudda ishtirok etishga yaroqli deb topdi, biroq sud majlisi har 15 daqiqada tanaffus va tushlik tanaffusi bilan olti soatdan oshmasligini tavsiya qildi.

Da’voga Depardening 2021 yilda “Yashil panjurlar” filmi suratga olish maydonchasidagi xatti-harakati sabab bo‘lgan. Filmning 54 yoshli sahna dekoratori va 34 yoshli rejissyor yordamchisi aktyorni behayo so‘zlarni aytishda va suratga olish maydonchasida noo‘rin teginish – ko‘krak, dumba va jinsiy a’zolarga teginishda aybladi.

Ular 2024 yil boshida artistga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, zo‘ravonlik va seksistik haqoratlar uchun sudga murojaat qilishgan.

200 dan ortiq filmlarda suratga tushgan Jerar Deparde bir necha bor jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan. 2023 yil aprel oyida 13 nafar ayol – aktrisalar va vizajistlar aktyorning nomaqbul xatti-harakati haqida xabar berishgan. Biroq hozirda aktyorga nisbatan birinchi ish sudgacha yetib borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jerar Depard'e

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing