Parijda Jerar Deparde ustidan sud jarayoni boshlandi
Olam
−
28 Oktabr
4845Parijda jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan fransuz aktyori Jerar Deparde ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda bugun, 28 oktyabr kuni 75 yoshli aktyorning advokati Jeremi Assuga tayanib, “France Info” radiosi xabar berdi.
Advokatga ko‘ra, bugun bo‘lib o‘tadigan birinchi sud majlisi boshlanishiga bir necha soat qolganida uning mijozi sog‘lig‘i sababli unda ishtirok eta olmasligini aytgan.
“Jerar Deparde juda xafa va afsuski shifokorlar unga sud majlisida qatnashishni taqiqlashdi”, dedi u radioda.
Advokatning qo‘shimcha qilishicha, ayblanuvchi sud majlisida qatnashish va nutq so‘zlash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun uni keyinga qoldirishni so‘ragan.
Sud 2021 yilda suratga olish paytida jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ikkita ishni ko‘rib chiqadi. Ikki ayol Depardeni “Yashil panjurlar” filmini suratga olish vaqtida ularga noo‘rin teginishda aybladi. Aktyor 5 yilgacha qamoq va 75 ming yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Deparde har qanday qonunbuzarlikni rad etadi.
Jerar Deparde bir necha bor jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan. 2023 yil aprel oyida 13 nafar ayol – aktrisalar va grimyorlar aktyorning nomaqbul xatti-harakatlari haqida birdaniga xabar berdi. Keyinroq ispan jurnalisti Rut Basa ta’qiblar haqida xabar berib, u 1995 yilda “Cinemanía” jurnali uchun intervyu berganida Depardening zo‘ravonligiga duch kelganini aytdi.
Bunga javoban Deparde bilan bir necha bor rol ijro etgan aktyor Per Rishar, Fransiyaning sobiq birinchi xonimi, model va qo‘shiqchi Karla Bruni hamda fransuz madaniyatining yana 48 nafar vakillari aktyorni qo‘llab-quvvatladi. “Le Figaro” tomonidan dekabr oyida chop etilgan jamoaviy maktubda Deparde barcha davrlarning eng buyuk aktyori va “kinoning muqaddas gigantlari”ning so‘nggisi sifatida tilga olingan.