Sud hukmini o‘zgartirib berishni va’da qilgan advokatlar qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
04 noyabr
4719Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta advokatlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishidagi ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida mazkur tumanda faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati D.A. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Karmana tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati X.A. Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan mansabdor tanishlari orqali yengil jazo tayinlatib, uni ozodlikka chiqartirib berish evaziga 20 mln so‘m va 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Buxoro viloyati Vobkent tumanida kuzatilgan holatda esa mahalliy advokatlik byurosi advokati N.G‘. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilgan fuqaroga nisbatan mazkur tuman sudining 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash bo‘yicha chiqargan hukmini o‘zining mansabdor tanishlari orqali 1 yil 2 oy muddatda yakunlatib berish evaziga 1200 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati B.A. ham fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudda ko‘rib chiqilayotgan er-xotin o‘rtasidagi nikohni vakolatli tanishlari orqali bekor qildirib berish evaziga 1100 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Sirdaryo viloyati Shirin shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik firmasi advokati B.Q. Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida sud organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 800 AQSH dollari va 2,5 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida katta pul evaziga sud hukmiga ta’sir o‘tkazib, jazoni yengillashtirish, yana bir holatda esa ayblanuvchini oqlovchi hukm chiqarib berishni va’da qilgan 2 nafar advokat va 1 nafar yurist ushlangan edi.
LiveBarchasi