Jinoyat ishlarida advokatning vakolati kengayishi mumkin
Jamiyat
−
07 iyul 5200 1 daqiqa
Endi O‘zbekistonda jinoyat ishi sudga oshirilganda himoyachining fikri ham ilova qilinishi mumkin. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.
Mazkur loyiha bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, jinoyat ishi sudga faqat ayblov xulosasi yoki ayblov dalolatnomasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, himoyachiga dastlabki tergov yoki surishtiruv yakunlanganidan keyin besh sutka ichida “himoya fikri”ni taqdim etish huquqi berilishi belgilanmoqda. Himoya fikrida ayblovga munosabat, dalillar, jazoni yengillashtiruvchi holatlar, sudga chaqirilishi so‘ralayotgan shaxslar va boshqa fikrlar aks ettirilishi mumkin.
“Kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar sud muhokamalarida tenglikni ta’minlash, sudyaning ish bo‘yicha har ikki tomon fikri bilan oldindan tanishishiga imkoniyat yaratish hamda odil sudlov sifatini oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xabarida.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan.
Live
Barchasi