Mahkumning “srok”ini kamaytirmoqchi bo‘lgan poraxo‘r advokatlar ushlandi

3-sahifa

image

Samarqand viloyati tumanlarida mahkumga muddatini kamaytirib berish hamda sudda ishini yengillatib berishni aytib, pora olgan ikki advokat qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand viloyati Urgut tumanida faoliyat yurituvchi advokatning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan. Mazkur advokat mansabdor tanishlari orqali Jizzax viloyatidagi manzil koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumning jazo muddatini qisqartirib berish evaziga uning tanishidan 15 000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida faoliyat yurituvchi advokat esa jinoyat ishlari bo‘yicha mazkur tuman sudida ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha himoyachi sifatida qatnashib, mansabdor tanishlari orqali sudlanuvchiga yengilroq jazo tayinlanishida yordam berishini aytib, uning o‘g‘lidan 2 000 AQSH dollari talab qilgan.  DXX va prokuratura organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda advokatlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida davlat tashkilotlaridagi mansabdorlar yo‘l qo‘ygan korrupsion holatlarga chek qo‘yilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing