Endi zo‘ravonlikka uchragan bolalarga davlat hisobidan advokat ajratiladi

Jamiyat

−

image

Endi O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalar tegishli protsessual harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda bugun, 14 oktyabr kuni Prezident imzolagan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.

Ushbu qonun bilan “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga tegishli protsessual harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam berilishi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirokini ta’minlash choralari ko‘riladi.

Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan uning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi, vasiysi, homiysi yoki boshqa qarindoshlari tomonidan jinoyat sodir etilgan hollarda tergov va sud jarayonidagi barcha protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakili ishtirok etishi ham belgilandi.

Shuningdek, mazkur hujjat bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan ta’lim tashkiloti xodimi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning qo‘shimcha asosi kiritildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun bilan bundan buyon 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing