Stavropoldagi portlashda Rossiya faxriysi halok bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 29 may kuni Rossiyaning Stavropol shahridagi portlash oqibatida Ukrainadagi bosqin faxriysi Zaur Gursiyev halok bo‘ldi. Bu haqda “Kommersant’” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Stavropol shahridagi Chexov ko‘chasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida Ukrainadagi bosqinda qatnashayotgan faxriy va mintaqaviy “Qahramonlar vaqti” dasturining 34 yoshli ishtirokchisi Zaur Gursiyev halok bo‘lgan.

Stavropol gubernatori Vladimir Vladimirov ham voqea haqida o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirgan.

“Tergov ishlari olib borilmoqda. Barcha ehtimollar, jumladan, Ukrainadan bo‘lgan natsistlar ishtirokida uyushtirilgan terrorchilik hujumi versiyasi ham ko‘rib chiqilmoqda”, deya yozgan gubernator.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu portlashda ikki erkak halok bo‘lgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu portlash bo‘yicha Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “a”, “e” bandlari  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. 

Zaur Gursiyev  2019 yilda Rossiyaning havo kuchlarini boshqarish markaziga rahbar etib tayinlangan – ushbu markaz havo va quruqlikdagi qo‘shinlar harakatini muvofiqlashtirish uchun javobgar edi. Shuningdek, u Ukrainadagi harbiy operatsiya hududida aviatsiya yo‘naltiruvchisi bo‘lib xizmat qilgan. U “Jasorat ordeni”, “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” I va II darajali medallar bilan taqdirlangan.

2024 yilning sentyabr oyida “Qahramonlar vaqti” dasturida ishtirok etganidan so‘ng, Stavropol shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 aprel kuni Rossiyaning Moskva viloyati Balashixa shahrida avtomobil portlashi oqibatida general Yaroslav Moskalik vafot etgandi. Qolaversa, 3 fevral kuni Rossiya poytaxti Moskvadagi “Aliye parusa” turarjoy majmuasida yuz bergan portlashda jarohatlangan “ArBat” alohida maxsus bo‘linmalari batalonining asoschisi Armen Sarkisyan shifoxonada vafot etgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Stavropol' Zaur Gurtsiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing